Joriy yilning 8-noyabr kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida Farmatsiya hamda Tibbiy pedagogika fakulteti kefedralari tashabbusi bilan “Giyohvand moddalarning salbiy oqibatlari” mavzusida tadbir tashkil etildi. Tadbirda Rektor maslahatchisi E.A. Aripov, fakultet masʼullari, narkolog mutaxassislar hamda talabalar ishtirok etdi.
Tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad, talabalarga giyohvandlik va psixotrop moddalarga qaramlikning salbiy oqibatlari, maʼnaviy va moddiy zararlari hamda qonunda belgilangan jinoiy javobgarliklar toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtishdan iborat edi.
Tadbir davomida giyohvandlik va giyohvand moddalar, narkotik, psixotrop vositalar haqida maʼlumotlar berilib, giyohvand moddalar taʼsiriga tushib qolish omillari, jarayonlari hamda oqibatlari haqida batafsil tushuntirishlar berib oʻtildi.
Shuningdek, talabalarga psixotrop, narkotik va sarxush qiluvchi vositalar roʻyxatiga kiruvchi dorilar tanishtirilib, ularni tegishli ruxsatlarsiz yetishtirish, saqlash va tarqatganlik uchun belgilangan javobgarliklar tanishtirildi. Giyohvand moddalarga qaram boʻlgan insonni davolash bosqichlari hamda usullari haqida maʼlumot berildi. Tadbir davomida yigʻilganlarga bu illatning nafaqat inson jismoniy va ruhiy holatiga, balki, jamiyat hayotiga koʻrsatadigan salbiy taʼsiri ham taʼkidlab oʻtildi. Talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatiga ega boʻldilar.
SamDTU matbuot xizmati