Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

Samarqand davlat tibbiyot universiteti Neyroxirurgiya kafedrasida bajarilayotgan murakkab texnologiyali operatsiyalar jarayonini o'quv xonalariga onlayn-translyatsiya qilish yo'lga qo'yildi

    2023-yilning 27-oktyabr kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti Neyroxirurgiya kafedrasiga Neyroxirurgiya fanini o`rganish uchun kelgan 1-son Davolash fakultetining 616-619-guruh talabalariga Neyroxirurgiya boʼlimida bajarilayotgan murakkab texnologiyali operatsiyalar jarayoni 4K formatdagi videokamera orqali talabalar dars mashg`uloti o`tayotgan o`quv xonalariga onlayn-translyatsiya qilindi.

    Neyroxirurgiya kafedrasi o`quv xonalari Smart-monitorlar bilan jihozlangan bo`lib, talabalarga turli neyroxirurgik kasalliklar prezentatsiyalar misolida va operatsiya jarayonlari videolar orqali namoyish qilinib kelinadi. Shuningdek, talabalar neyroxirurgiya bo`limida bajariladigan murakkab texnologiyali operatsiya jarayoni to`g`ridan-to`g`ri kuzatishlari mumkin. Ammo, kafedraga kelgan talabalar soni ko`pligi sababli, barcha talabalar bir vaqtning o`zida operatsiya jarayonini kuzatishi operatsiya xonasida steril muhitni saqlash va aerodinamika nuqtai-nazaridan imkoniyatlar nisbatan cheklanadi. Shu bilan birga, operatsion maydonning torligi va chuqurligi sababli operatsiya jarayonini to`g`ridan-to`g`ri kuzatayotgan talabalarda operatsiya mohiyatini o`rganishda qiyinchiliklar yuzaga keladi. Shularni inobatga olgan holda, o`tkazilayotgan murakkab texnologiyali operatsiya vaqtida 4K formatdagi videokamera yordamida olinayotgan tasvir o`quv xonalaridagi monitorlarga uzatildi. Ushbu tasvirlar barcha talabalarga bir vaqtning o`zida bajarilayotgan murakkab texnologiyali operatsiyalarning barcha bosqichlarini boshidan oxirigacha to`g`ridan-to`g`ri jonli kuzatish imkonini berdi. Kafedra mudiri Aliyev M.A. talabalarga ayni vaqtda bajarilayotgan murakkab texnologiyali operatsiya haqida tushunchalar berib bordi. Bu texnologiya talabalarda juda katta qiziqish uyg`otdi va o`tkazilayotgan operatsiya bo`yicha savol-javoblar bo`lib o`tdi.

    Yo`lga qo`yilgan ushbu onlayn-translyatsiyaning (live-surgery) afzalliklari shundaki, barcha talabalar bir vaqtning o`zida operatsiyaning bajarilishini kuzatib o`rganishlari, savollar berib unga to`g`ridan-to`g`ri amalda bajarilayotgan operatsiya orqali javob olishlari, operatsion maydon tor va chuqur bo`lishiga qaramay, xuddi operator sifatli ravishda ko`rgani kabi amaliyotni ko`rib o`rganishlari mumkin bo`ladi.  Neyroxirurgiya kafedrasi o’quv jarayonida boʼlimda bajarilayotgan murakkab texnologiyali operatsiyalarni dars mashg`uloti o`tilayotgan o`quv xonalariga onlayn-translyatsiya qilish tajribasini davom ettirish va shu texnologik usul yordamida talabalar bilimini mustahkamlab borish rejalashtirildi.


SamDTU matbuot xizmati