Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

“Ichki kasalliklar tibbiyoti sogʻliqni saqlash tizimida yetakchi oʻrinlarda” Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo'lib o'tdi

  2022-yil 29-oktyabr kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetini Katta majlislar zalida “Ichki kasalliklar tibbiyoti sogʻliqni saqlash tizimida yetakchi oʻrinlarda” Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini boshladi. Mazkur Xalqaro konferensiya Sogʻliq bilimlari Universiteti (“Sağlik Bilimleri Üniversitesi”, Istanbul, Turkiya) bilan hamkorlikda oʻtkazildi. Xalqaro anjumanni ishini Turkiya va Oʻzbekiston tibbiyot oliy oʻquv yurtlarini yetakchi mutaxassislari, klinikalar viloyatimiz sogʻliqni saqlash muassasalarining xodimlari ishtirok etdilar.

  Xalqaro konferensiyaning tantanali ochilishida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori professor Jasur Rizayev va Sogʻliq bilimlari Universiteti rektori professor Cevdet Erdol ishtirokchilarga tabrik soʻzlari bilan murojaat qildilar. Universitetlar rahbarlari zamonaviy tibbiyot fani va amaliy sogʻliqni saqlashning poydevori boʻlgan ichki kasalliklar dolzarb masalalarini muhokama qilish hamda oliygohlar oʻrtasidagi xalqaro hamkorlik muhimligini alohida taʼkidlab oʻtdilar.

  Yalpi majlisda arterial gipertenziya, giperaldosteronizm, ikkilamchi arterial gipertenziya (feoxromotsitoma), gipertoniya kasalligini davolash, insultdan keyingi reabilitatsiya va gipertoniya kasalligida shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish, arterial gipertenziya bilan ogʻrigan bemorlarni davolashni optimallashtirish kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.

  Xalqaro forumning asosiy qismi shubalar yigʻilishlarida davom ettirildi, unda kardiologiya, pulmonologiya va ftiziatriya, gastroenterologiya va metabolik sindrom sohalarining dolzarb masalalari va muammolari borasidagi chiqishlar muhokama qilindi. Xorijlik hamkasblar va yosh tadqiqotchilarning maʼruzalari ishtirokchilarni alohida eʼtiborni tortdi.

  Ikki mamlakat sogʻliqni saqlash sohasi yetakchi mutaxassislarining taqdim etilgan amaliy ishlanmalari va nazariy xulosalari, mamlakatimizda ichki kasalliklar va amaliy sogʻliqni saqlash sohalarini yanada rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshadi.





SamDTU matbuot xizmati