Samarqandda oʻtkazilgan Oʻzbekiston-Rossiya III taʼlim forumi doirasida 27 oktyabr kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetiga Immanuel Kant nomidagi Baltika federal universiteti (Kaliningrad, Rossiya) rektori Aleksandr Fedorov boshchiligida delegatsiya tashrif buyurdi.
Universitet rahbariyati bilan iliq muloqotdan soʻng delegatsiya aʼzolari yangi binoda mavjud shart-sharoitlar, universitet tarixi muzeyi bilan batafsil tanishib chiqdilar. Tanishuvda SamDTUga shu kuni tashrif etgan Sankt-Peterburg delegatsiyasini aʼzolari ham ishtirok etdilar. Talabalarni bilim egallashlari hamda maʼnaviy ozuqa olishlari uchun yaratilgan imkoniyatlarga mehmonlar yuqori baho berdilar.
Yangi binoni majlislar zalida mehmonlar ishtirokida navbatdan tashqari Ilmiy kengash boʻlib oʻtdi. Chiqishlar qilgan Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev va I.Kant nomidagi Baltika federal universiteti rektori Aleksandr Fedorov yaqin hamkorlik kelajakda oʻz samarasini berib ilmiy, pedagokik salohiyatni oshirish hamda tahsil olayotgan talabalarga yanada keng imkoniyatlar yaratilishi borasida gapirdilar.
Ilmiy kengashda Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev va I.Kant nomidagi Baltika federal universiteti rektori Aleksandr Fedorov oliygohlar oʻrtasida hamkorlik memorandumlarini hamda “Tibbiyot sohasida sunʼiy intellektni qoʻllashni rivojlantirish” va “Jigarning infeksion kasalliklarida tibbiyot texnologiyalarini shaxsiylashtirishni oʻrganishga yoʻnaltirish” sohalarida hamkorlik shartnomalarini tantanali ravishda imzoladilar.
Imzolangan hujjatlar boʻyicha qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiruvchi xalqaro ishchi guruh tuzilari shuningdek yangi tibbiy texnologiyalardan foydalanish samaradorligini monitoring qilish va baholash maqsadida jigar yuqumli kasalliklarining milliy nozologik reestrini shakllantirish metodikasini ishlab chiqish, hamkorlikdagi tadbirlarni oʻtkazish, taʼlimning barcha bosqichlari uchun oʻquv amaliyotlari, oʻqituvchilar almashinuvi, malaka oshirish kurslari va hamkorlikda maqolalar chop etish, tibbiyot sohasida sunʼiy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish loyihalarini amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Imzolangan xalqaro shartnomalar Samarqand davlat tibbiyot universitetida oʻquv va ilmiy jarayonni jadallashtirish, innovatsion tibbiyotni raqamlashtirish hamda amaliy sogʻliqni saqlash sohalarini yanada rivojlantirishga poydevor yaratadi.
SamDTU matbuot xizmati