7-oktyabr 2022-yil Abu Ali Ibn Sino (Avitsenna) tavalludining 1042-yilligi nishonlanishi munosabati bilan Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Ibn Sino jamoat fondi”, “China-Uzbekistan medicine technical park” va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi farmatsevtika sanoatini rivojlantirish Agentligi hamkorligida xalq tabobati boʻyicha “Abu Ali ibn Sino va Buyuk Ipak yoʻli” I Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi.
Anjumanda Oʻzbekiston, Germaniya, Isroil, Hindiston, Janubiy Koreya, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Malayziya, AQSH, Tojikiston, Turkiya, Rossiya va boshqa xorijiy davlatlardan yetakchi tashkilotlardan ekspert va olimlar xalq tabobati sohasiga oid 50 dan ortiq maʼruzalari bilan ishtirok etishdi. Xalqaro anjuman va uning doirasida oʻtkazilgan mahorat darslarida mingdan ziyod zamonaviy va anʼanaviy tibbiyot sohalari mutaxassislari, biologlar, kimyogarlar hamda farmatsevtlar onlayn va oflayn formatda ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev, “Ibn Sino jamoat fondi” boshqaruvi raisi Nozimxon Maxmudov, Oʻzbekiston Tabobat Akademiyasi raisi prof. Ibroxim Asqarov (Uzbekistan), Eron Islom Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Hamid Nayirobodiy, “Gano Excel” xalqaro korporatsiyasi prezidenti Leou Sun Seng (Malayziya), “Ibn Sino Akademiyasi” prezidenti prof. Sayyid Zillur Rexman (Hindiston), Xalqaro Avitsenna jamgʻarmasi prezidenti prof. Mixael Sach (Isroil), MDH iqtisodiy rivojlanish biznes markazi bosh direktori Vadim Ganin, (Rossiya), “Shina-Uzbekistan medicine technical park” bosh direktori, kimyo fanlari doktori S.B.Abdubakiyev (Xitoy) qutlov soʻzlari bilan anjumanni ochib konferensiya ishiga muvaffaqiyatlar tilashdi.
Anjumanning rasmiy ochilish marosimidan soʻng Samarqand davlat tibbiyot universiteti va “Ibn Sino” jamoat fondi, Daegu Haany universiteti (Koreya), Yevropa tibbiyot assotsiatsiyasi (Germaniya), shuningdek, “Ibn Sino” jamoat fondi va Isroil dorivor oʻsimliklar uyushmasi, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti, Qozogʻiston anʼanaviy va xalq tabobati tibbiyot mutaxassislari milliy assotsiatsiyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Xalqaro konferensiya ishi 4 shuʼbada davom etdi va “Taʼlim va xalq tabobati”, “Fan va xalq tabobati”, “Anʼanalar va xalq tabobati”, “Dorivor oʻtlar va xalq tabobati” kabi yoʻnalishlarda dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida xorijlik mutaxassislar tomonidan “Xalq tabobatida ekstrakt Ganoderma lucidum mahsulotining roli”, “Azotli geterosiklik birikmalar asosida yangi dori vositalarini ishlab chiqish”, “Virusli va bakterial infeksiyalarni kompleks davolashda oʻsimlik vositalaridan foydalanish imkoniyati”, “Koreyada anʼanaviy tibbiyot tarixi va anʼanaviy va sport tibbiyoti boʻyicha onlayn dasturlar”, “Akupunktur va osteopatiya Ibn Sino tushunchalari bilan” “Oʻz-oʻziga yordam berish va uy sharoitidagi dorixona: Rose Spa misolida”, “Avitsennaning pulsdiagnostikasini amalga oshirish tavsiyalari” mavzularida mahorat darslari ham oʻtkazildi.
Xalqaro konferensiyada “Abu Ali ibn Sino: oʻtmish falsafasi – kelajak taraqqiyot garovi” mavzusida xalq tabobati boʻyicha navbatdagi II xalqaro ilmiy-amaliy anjumanini “Abu Ali ibn Sino va taraqqiyot” — anʼanaviy XII Xalqaro Ibn Sino oʻqishlari doirasida oʻtkazish rejalashtirildi.
Oʻtkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya shubhasiz buyuk merosimizni yanada kengroq oʻrganishga, anʼanaviy tibbiyot sohasini rivojlantirishga, iqtidorli yosh olimlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etishga, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim muassasalarida oʻqitish sifatini yanada oshirishga va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
SamDTU matbuot xizmati