Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​Samarqandda “Urologiyaning dolzarb masalalari: nazariya va amaliyot birligi” Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi

  2022-yil 3-4-oktabr kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Urologiyaning dolzarb masalalari: nazariya va amaliyot birligi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Xalqaro anjumanda Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Belarus Respublikasi, Tojikiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston tibbiyot oliy oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va tibbiyot markazlari xodimlari ishtirok etdilar.

  Xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Inoyatov Amrillo, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Oʻzbekiston Respublikasi Urologlar ilmiy jamiyati raisi Farhod Akilov, Kursk davlat tibbiyot universiteti rektori Lazarenko Viktor (Rossiya) va boshqalar ishtirokchilarga tabrik soʻzlari bilan murojaat etib, ushbu anjumanni oliygohlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli xalqaro hamkorlikni kengaytirishdagi ahamiyatini taʼkidlab oʻtdilar va forum ishiga muvaffaqiyat tiladilar.

  Xalqaro konferensiyaning asosiy qismi 7 ta yalpi majlisda davom ettirilib, unda ishtirokchilar “Endourologiya: urolitiaz va prostata bezining xavfsiz giperplaziyasini davolashdagi innovatsiyalar”, “Laparoskopik urologiya: Oʻzbekiston urologlarining yutuqlari va xorijiy tajriba” yoʻnalishlari boʻyicha maʼruzalar tinglandi. , “Urologiyada medikamentoz terapiya”, “Onkourologiya”, “Bolalar urologiyasi” mavzularida maʼruzalar tinglandilar, shuningdek, “Yosh urologlar” va yosh olimlar tanlovi boʻlib oʻtdi. Konferensiya davomida 80 dan ziyod urolog-amaliyotchi va yosh olimlarning maʼruzalari tinglandi. Konferensiya materiallari “Biomeditsina va amaliyot” xalqaro jurnalining maxsus sonida chop etildi.

  Samarqand davlat tibbiyot universitetida oʻtkazilgan “Urologiyaning dolzarb masalalari: nazariya va amaliyot birligi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya urologiya fanini rivojlantirishga, yangi bilimlarni kundalik amaliyotga tadbiq etishga, iqtidorli yosh olimlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etishga hamda tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim muassasalarida urologiya fanini oʻqitish sifatini yanada oshirishga, respublikada sogʻliqni saqlash sohasini yanada takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.




SamDTU matbuot xizmati