2022-yil 22-sentabr kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Tibbiyot oliy oʻquv yurtlarida xorijiy tillarni oʻrganishda motivatsiyani shakllantirish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Xalqaro anjumanda Rossiya Federatsiyasini Kursk davlat tibbiyot universiteti, Saratov davlat tibbiyot universiteti, Privoljskiy tadqiqot tibbiyot universiteti, I.I.Mechnikov nomidagi Shimoliy-Gʻarbiy davlat tibbiyot akademiyasi, I.N.Ulyanov nomidagi Chuvash davlat tibbiyot universiteti, Smolensk davlat tibbiyot universiteti, Tyumen davlat tibbiyot universiteti, Tojikistonni Abu Ali ibn Sino nomidagi Tojikiston davlat tibbiyot universiteti, Toshkent davlat stomatologiya instituti, Toshkent davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti va respublikamizning bir qator boshqa oliy oʻquv yurtlarini yetakchi pedagog va tilshunos-olimlari ishtirok etdilar.
Xalqaro anjumanning ochilish marosimida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Ilhom Toʻxtasinov, “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti birinchi prorektori Juliboy Eltazarov, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Gulandom Boqiyeva tabrik soʻzlarini yoʻllab universitet tomonidan oʻtkazilayotgan xalqaro konferensiya respublikada xorijiy tillarni oʻrganishning dolzarbligi nuqtai nazaridan muhimligini va bu borada ilgʻor xalqaro tajribadan foydalanish zaruriyatini taʼkidlab oʻtdilar.
Yalpi majlisdan soʻng xalqaro ilmiy forumning asosiy ishi “Tibbiyot universitetida chet tili: oʻqitishning optimal modellari”, “Rus va oʻzbek tillarini oʻqitishga innovatsion yondashuv va tillarni oʻqitish strategiyasini takomillashtirish”, “Tibbiyot oliy oʻquv yurtlarida lotin tilini kasbiy yoʻnaltirilgan oʻqitish nazariyasi va amaliyoti” kabi shoʻbalarida davom ettirilib, respublika va xorijiy 14 ta oliy oʻquv yurtlari vakillarining pedagogika va tilshunoslik yoʻnalishlari boʻyicha 40 dan ortiq maʼruzalari tinglandi. Konferensiya boshlanishidan avval forum ishtirokchilarining 127 ta maʼruzasini oʻz ichiga olgan ilmiy maqolalar toʻplami nashr etildi.
Xorijiy tillarni oʻqitish metodikasi, rus tilini chet tili sifatida oʻqitishning yangi usullari, tibbiyot oliy oʻquv yurtlarida lotin tili va tibbiyot terminologiyasi, chet tillarini oʻrganishda motivatsiyani shakllantirish, shuningdek, umumiy tilshunoslik, klassik filologik anʼana va uni oʻrganish muammolariga yondashuvlar kabi dolzarb mavzularga doir chiqishlar ishtirokchilarning katta qiziqishlarini uygʻotdi. Maʼruzalar qizgʻin muhokama va fikr almashuvi bilan kechdi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti tomonidan oʻtkazilayotgan “Tibbiyot oliy oʻquv yurtlarida chet tillarini oʻrganishda motivatsiyani shakllantirish” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tibbiyot kadrlarini tayyorlash sifatini oshirish, oʻquv jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy etish, oliy oʻquv yurtlarimizni xorijiy mamlakatlarning universitetlari va ilmiy-amaliy markazlari bilan xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlashga bejiz xizmat qiladi.
SamDTU matbuot xizmati