5-sentyabr kuni, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan Samarqand davlat tibbiyot universiteti yangi oʻquv binosida barcha sharoitlarga ega boʻlgan zamonaviy axborot-resurs markazi hamda oliygoh tarixi muzeyi galereyasining tantanali ochilish marosimlari boʻlib oʻtdi. Tantanali tadbirlarda Samarqand shahar nuroniylari jamoatchiligi, universitet faxriylari, professor-oʻqituvchilar hamda talaba-yoshlar vakillari ishtirok etdilar.
Axborot resurs markazidan tahsil olayotgan talaba-yoshlar nafaqat elektron adabiyotlardan foydalanish, balki oʻzlari uchun kerak boʻlgan barcha kitoblarni olish imkoniyatlariga ega boʻlishdilar.
Shuningdek, qariyb 95 yillik tarixga ega boʻlgan Samarqand davlat tibbiyot universitetida zamonaviy muzey ish boshladi. Universitetda tahsil olayotgan yoshlarga uning uzoq yillar davomidagi shonli tarixi, yetuk tibbiyot kadrlarni tayyorlash borasidagi faoliyati, bugungi kunidan darak beruvchi zamonaviy galereyasining ochilish marosimi ham oʻtkazildi. Mazkur galereyada 1930-yildan 2022-yilga qadar xronologik davrlarni oʻz ichiga olgan foto jamlanmalari va har biriga taʼriflar keltirilgan.
Tantanali ochilishida universitet rektori Jasur Rizayev yangi zamonaviy binoni yaratilishi va universitetni taʼlim nufuzini oshirishiga salmoqli hissa qoʻshgan va 16 yil oliygohga rahbarlik qilgan professor Azamat Shamsiyevga, tashrif buyurgan mehmonlarga minnatdorchilik bildirdi. Oʻz oʻrnida soʻz olgan ishtirokchilar Samarqand davlat tibbiyot universiteti kundan-kunga oʻsib borayotgan xalqaro nufuzini aytib uning keyingi faoliyatiga omadlar tiladilar.