10-iyun kuni Samarqand viloyati Urgut tumani innovatsion hududida irsiy kasalliklarga barvaqt tashxis qoʻyish usullarini takomillashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan “Irsiy kasalliklarni aniqlaydigan genetik laboratoriyasi startap loyihasi”ning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Ochilish marosimida tuman hokimi oʻrinbosari Asqar Eshonqulov, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Samarqand viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻini birinchi oʻrinbosari Suxrob Zayniyev, viloyat skrening markazi direktori Gulnora Eltazarova hamda Samarqand viloyati Innovatsion rivojlanish boshqarmasi xodimi Sardor Xayrullaevlar soʻzga chiqib, tadbir ishtirokchilarini yangi innovatsion molekular genetik laboratoriya tashkil qilinayotganligi munosabati bilan tabrikladi.
Bugungi kunda dunyoda har 100 boladan 5-6 nafari genetik kasallik bilan tugʻiladi va bu nuqsonlar bolaning intellektual rivojlanishidagi buzilishlar bilan oʻtadi. Ularning 5-6 foizi birinchi marta paydo boʻlgan yoki ota-onadan biridan oʻtgan irsiy kasalliklar ekanligi aniqlangan.
Tadbir ishtirokchilari laboratoriyadagi mavjud 7 ta xona va ulardagi mavjud asbob-uskunalar koʻzdan kechirdilar. Loyiha tashabbuskori — “GENMEDICAL” MChJ rahbari, SamDTU 1-son otorinolaringologiya kafedrasi mudiri t.f.d. Nilyufar Xushvakova tomonidan laboratoriya xizmatini tashkil etish ishlari boshlab yuborildi. Jumladan, molekular genetika laboratoriya uskunalari va dasturiy mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan muzokaralar olib borilib, kerakli jihozlar Rossiya, Ispaniya hamda Germaniya davlatlaridan keltirilgan asbob-uskunalar yordamida tahlillar oʻtkazish uchun moʻljallangan PZR apparatlari ishga tushirildi. Loyiha doirasida dastlab 5 ta ish oʻrni yaratilishi va kelgusida ushbu koʻrsatkich 2-3 barobarga koʻpayishi taʼkidlandi. Innovatsion laboratoriya nafaqat Urgut tumani, balki butun viloyat miqyosida, qolaversa respublika miqyosidagi irsiy kasalliklarni barvaqt oldini olish, tibbiy genetika rivojlanishiga oʻzining munosib hissasini qoʻshishi alohida taʼkidlandi.
Laboratoriyada hududlardagi bemorlarga maslahat berish uchun yetakchi xorijiy va mahalliy tibbiyot markazlari, klinikalari bilan hamkorlik qilish boʻyicha ham amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.
SamDTU matbuot xizmati