Oʻzbekiston Respublikasining Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (ShHT) raisligi doirasida 7 iyun kuni Toshkentda “Anʼanaviy tibbiyotning zamonaviy sogʻliqni saqlash tizimlariga integratsiyasi” mavzusida ShHTga aʼzo davlatlarning anʼanaviy tibbiyot boʻyicha forumi boʻlib oʻtmoqda. Mazkur gibrid formatdagi tadbirda ShHTga aʼzo davlatlar sogʻliqni saqlash vazirlari, ilmiy hamjamiyat vakillari, zamonaviy va anʼanaviy (xalq) tibbiyot, reabilitatsiya, farmatsevtika va eksperimental tibbiyot sohalarini yetakchi mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Shanxay hamkorlik tashkilotining anʼanaviy tibbiyot boʻyicha yuqori martabali Forumini Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Behzod Musayev kirish soʻzi bilan ochdi. Behzod Anvarovich oʻz nutqida xalq tabobatining zamonaviy sogʻliqni saqlash sohalari uchun ahamiyati, uni JSST dasturlari doirasida rivojlantirish boʻyicha xalqaro tajribaga atroflicha baho berdi hamda mamlakatimiz rahbariyatining respublikada xalq tabobatini rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarini taʼkidlab oʻtdilar. Soʻzga chiqqan boshqa nufuzli mehmonlar ham anʼanaviy tibbiyotning zamonaviy sogʻliqni saqlashdagi ahamiyati va uni rivojlantirishda xalqaro muloqotni muhimligi haqida gapirib oʻtdilar.
Forum kun tartibiga koʻra birinchi maʼruzachi sifatida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev chiqish qildi. Anʼanaviy tibbiyot va uning zamonaviy sogʻliqni saqlash va tibbiy taʼlim sohasidagi integratsiyasiga bagʻishlangan maʼruzada J.A.Rizayev anʼanaviy tibbiyotning tarixiy evolyutsiyasi va uning hozirgi holati, Sharqning buyuk allomalari va Ibn Sinoning anʼanaviy tibbiyotni shakllantirishdagi oʻrni, anʼanaviy tibbiyotning dolzarbligi haqida batafsil maʼlumot berib oʻtdilar, ilmiy tibbiyot sohasidagi xalq, anʼanaviy va zamonaviy tibbiyotning ijobiy tajribasini birlashtirgan integral tibbiyot, “xalq tabobati” yoʻnalishidagi mutaxassisliklarni ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tizimiga joriy yetish jarayonlarini aytib oʻtdilar. Rektorni chiqishi Forum mezbonlari va ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.
8-iyun kuni Toshkentda ShHTga aʼzo davlatlari Sogʻliqni saqlash vazirlarining beshinchi yigʻilishi ham boʻlib oʻtadi.
SamDTU matbuot xizmati