Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​SamDTU talabalari — “Tibbiyot OTMrida ijtimoiy-gumanitar fanlar integratsiyasi” Respublika olimpiadasi gʻoliblari

  Toshkent pediatriya tibbiyot instituti negizida Respublika tibbiyot va farmatsevtika oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida “Tibbiyot OTMrida ijtimoiy-gumanitar fanlar integratsiyasi” mavzusida talabalarning Respublika onlayn olimpiadasi boʻlib oʻtdi. Olimpiadada respublikamizning barcha tibbiyot oliy oʻquv yurtlaridan 30 dan ortiq talabalari, shu jumladan Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabalari ham ishtirok etdilar.

  Olimpiadaning tantanali ochilishida ToshPTI oʻquv ishlari boʻyicha prorektori Qaxramon Xaitov, TDSI ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Qaxramon Shomurodov, ToshPTI gumanitar fanlar kafedrasi mudiri Shohista Shoyimova va boshqalar qutlov soʻzlari bilan murojaat etib, barcha ishtirokchilarga musobaqada muvaffaqiyatlar va omadlar tiladilar.

  Respublika talabalar olimpiadasi zamonaviy ijtimoiy-gumanitar bilimlarning 4 ta yoʻnalishi – “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi”, “Falsafa”, “Pedagogika” va “Psixologiya” boʻyicha oʻtkazildi. Olimpiada davomida ishtirokchilar ikki bosqichda: test topshiriqlarini yechish va blits-soʻrovda oʻzaro bellashdilar. Talabalar olimpiadasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti vakillari gʻoliblik uchun kurashda yaxshi natijalar koʻrsatdilar.

  Respublika talabalar onlayn olimpiadasi natijalariga koʻra, tashkiliy qoʻmitani qarori bilan Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabalari quyidagi sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritdilar:

“Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” yoʻnalishi boʻyicha — II-oʻrin davolash fakulteti 1-kurs talabasi Toxirjon Gʻofurov (ilmiy rahbar: gumanitar va ijtimoiy fanlar kafedrasi katta oʻqituvchisi Sh.F.Majidov);

“Falsafa” yoʻnalishi boʻyicha — II-oʻrin tibbiy pedagogika fakulteti 3-kurs talabasi Madinabonu Shamsiddinova (ilmiy rahbar: gumanitar-ijtimoiy fanlar kafedrasi mudiri PhD A.N.Maxmudova);

“Pedagogika” yoʻnalishi boʻyicha — III-oʻrin tibbiy pedagogika fakulteti 3-kurs talabasi Farxunda Axmadova (ilmiy rahbar: “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi oʻqituvchisi F.M.Norboʻtaev).

  Tashkilotchilar gʻoliblar va ularning ustozlariga ishtirok uchun minnatdorchilik bildirib, tegishli diplomlar bilan taqdirlashdi.

  Barcha gʻolib talabalarimiz va ularning ustozlarini erishgan yuqori natijalar bilan tabriklaymiz va yangi omadlar tilab qolamiz!



SamDTU matbuot xizmati