×
Menu
Close Menu

​Universitetda “Fundamental, amaliy tibbiyot va farmatsiya yutuqlari” 76 - Xalqaro konferensiyasi hamda “Stomatologiyada estetik restavratsiya mahorati” II Xalqaro olimpiadasi oʻtkazildi

  2022 yil 20-21 may kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Fundamental, amaliy tibbiyot va farmatsiya yutuqlari” talabalar va yosh olimlarni anʼanaviy 76 - Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi hamda “Stomatologiyada estetik restavratsiya mahorati” II Xalqaro ilmiy-amaliy olimpiadasi boʻlib oʻtdi. Xalqaro anjuman va Olimpiadada Turkiya, Malayziya, Hindiston, Rossiya Federatsiyasi, Gruziya, Qozogʻiston, Ukraina, Belarus Respublikasi, Pokiston, Tojikiston, Qirgʻiz Respublikasi, Oʻzbekistonning tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tekshirish institutlarini talabalari va yosh tadqiqotchilari ishtirok ishtirok etdilar.

  Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasini tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Oʻzbekiston tibbiyot oliygohlari rektorlari Prezidiumi raisi Botir Daminov, I.Kant nomidagi Baltika federal universiteti rektori Aleksandr Fedorov (Kaliningrad, Rossiya), S.D.Asfendiyarov nomidagi Qozoq milliy tibbiyot universiteti Talgat Nurgojin (Almata, Qozogʻiston), “Telemeditsina tizimlari” MChJ bosh direktori Yuriy Bogoduxov (Sankt-Peterburg, Rossiya), Ivoclar Vivadent firmasini MDH va Baltika davlatlari boʻyicha vrachlar boʻlimi rahbari Viktor Daub (Yelvangen, Germaniya), Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti rektori Nikolay Karyakin (Nijniy Novgorod, Rossiya), Turkiyaning Sogʻliq bilimlari universiteti rektori, professor Jevdet Erdol anjuman dolzarbligini, xalqaro hamkorlikni kengaytirishda oliy taʼlim muassasalari faoliyatida qanchalik muhim ahamiyat kasb etishishi taʼkidladilar hamda barcha ishtirokchilarga omadlar va zafarlar tiladilar tiladilar.

  Samarqand davlat tibbiyot universitetining xalqaro hamkorligini kengaytirish maqsadida Xalqaro anjuman doirasida I.Kant nomidagi Baltika federal universiteti (Kaliningrad, Rossiya) rektori Aleksandr Fedorov bilan SamDTU va BFU oʻrtasida Hamkorlik memorandumi tantanali ravishda imzolandi.

  Konferensiyani tantanali ochilish marosimida mamlakatimizda tibbiy oliy taʼlimni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun S.D.Asfendiyarov nomidagi Qozoq milliy tibbiyot universiteti rektori Talgat Seytjanovich Nurgojinga Samarqand davlat tibbiyot universiteti “Faxriy professori” unvoni berildi.

  Xalqaro anjuman mehmonlari uchun universitetni yangi binosida milliy taomlar va milliy liboslar koʻrgazmasi tashkil etildi. Afgʻoniston, Pokiston, Koreya Respublikasi, Hindistondan kelib Universitetda tahsil oladigan talabalar oʻzlarini milliy taomlari va milliy liboslarini taqdimot qilishlari barcha ishtirokchilarga manzur boʻldi. Shuningdek, konferensiya mehmonlari yangi oʻquv binoda oʻquv jarayonni olib borish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda Universitet tarix muzeyi bilan ham tanishishdilar.

  Xalqaro konferensiyani asosiy ishi shoʻbalar yigʻilishida davom etilib, ularda — jamoat salomatligi, tibbiyotda gumanitar fanlar; ichki kasalliklar; kardiologiya; nevrologiya; psixiatriyaning dolzarb masalalari; sport tibbiyoti va reabilitatsiya; pediatriya; akusherlik, ginekologiyaning dolzarb masalalari va reproduktiv tibbiyot; eksperimental va fundamental tibbiyot dolzarb masalalari; xirurgiya va urologiyaning dolzarb masalalari; bolalar xirurgiyasining dolzarb masalalari; neyroxirurgiya, onkologiyaning dolzarb masalalari va travmatologiya; klinik va fundamental farmakologiyaning zamonaviy yutuqlari; stomatologiya, otorinolaringologiya va oftalmologiyada innovatsion yondashuv; yuqumli kasalliklarning klinikasi, diagnostikasi, davolash va oldini olishga zamonaviy yondashuvlar; konferensiya doirasidagi yosh olimlar tanlovi, kollej va texnikumlarning interaktiv rivojlanishining asoslari kabi yoʻnalishlari dolzarb mavzulariga bagʻishlangan 34 OTM talabalari va yosh olimlarini 270 ziyod maʼruzalari tinglandi. Konferensiyani materiallari toʻplam shaklida “Biologiya va tibbiyot muammolari” xalqaro jurnalini maxsus sonida chop etildi.

  “Stomatologiyada estetik restavratsiya mahorati” II Xalqaro ilmiy-amaliy olimpiadasi ishtirokchilari 3 bosqichda oʻz bilim va mahoratlarini sinovdan oʻtkazdilar. Xalqaro hayʼat aʼzolari tomonidan yosh tadqiqotlarni nazariy bilimlari test topshiriqlarini bajarishda, ogʻzaki savol-javob va tishlarni restavratsiyalash orqali amaliy koʻnikmalarni bajarishlari xolisona baholandi.

  Xalqaro konferensiya va Olimpiada doirasida Samarqand davlat tibbiyot universitetining IT-inkubatsion Markazini tantanali ochilish marosimi ham oʻtkazildi. Bugungi kunda globallashuv tendensiyalari davlatlar taraqqiyotini bevosita axborot texnologiyalari rivojlanishi bilan bogʻliq boʻlishini taqozo etmoqda, shuning uchun dunyoning koʻplab mamlakatlari IT ekotizimini yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga eʼtibor qaratmoqda. Universitetda IT-inkubatsion markazining ochilishi albatta iqtidorli talabalarning gʻoyalari va Startap loyihalarini ragʻbatlantirishga, Universitetni mamlakatimizdagi nufuzli oliy taʼlim muassasasi sifatida faol ishtirokchisiga aylantirishga, axborot raqamlashtirishning jadal rivojlanish surʼatlariga hissa qoʻshishga turtki boʻladi.

  Samarqand davlat tibbiyot universitetida boʻlib oʻtgan “Fundamental, amaliy tibbiyot va farmatsiya yutuqlari” talabalar va yosh olimlar anʼanaviy 76 - Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi hamda “Stomatologiyada estetik restavratsiya mahorati” II Xalqaro ilmiy-amaliy olimpiadasi yosh olimlar va talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish, salohiyati va ilmiy izlanishlaridan samarali foydalanish, fundamental va klinik fanlar oʻqitish sifatini yanada oshirish, mamlakatimizda tibbiyot sohalarini rivojlantirish hamda oliygohlarni xalqaro hamkorligini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.



SamDTU Matbuot xizmati