Samarqand davlat tibbiyot universiteti Respublikamizning eng ilg‘or oliygohlaridan hisoblanib, bugungi kunda zamonaviy texnikalar va xalqaro talabalarga to‘liq javob beradigan innovatsion ta’lim dasturlari orqali malakali kadrlar yetishtirib kelmoqda.
Samarqand davlat tibbiyot universitetida Respublikamiz bilan bir qatorda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan, jumladan, Hindiston, Pokiston, Xitoy, Germaniya, Rossiya, Koreya, Turkiya, Filippin, Nepal, Bangladesh, Falastin, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston kabi mamlakatlardan jami 3200 ga yaqin xorijlik talabalar tahsil olmoqda.
Universitet bugunga qadar sifatli va yuqori texnologiyali innovatsion ta’lim dasturlari orqali ko‘plab talabalarni o‘ziga jalb qilish barobarida bir qator xalqaro miqyosdagi yutuqlarga ham erishib kelmoqda. Jumladan, “ECAQA” (Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida akkreditatsiya va sifatni ta’minlash bo‘yicha Yevroosiyo markazi) mustaqil akkreditatsiya va reyting agentligi tomonidan Samarqand davlat tibbiyot universitetining ta’lim faoliyati sifatining jahon standartlari va mezonlariga muvofiqligi tahlildan o‘tkazildi hamda xalqaro institutsional akkreditatsiya sertifikati topshirildi.
2030-yilga qadar amalda bo‘ladigan mazkur akkreditatsiya nafaqat universitet, balki unda o‘qiyotgan minglab talabalar uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochib, bitiruvchilarning diplomlari xorijiy davlatlar va ish beruvchilar tomonidan tan olinishiga zamin yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizdagi yana bir oliy ta’lim muassasasining xalqaro darajada tan olinishi nafaqat Samarqand davlat tibbiyot universiteti, balki butun O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi uchun ham muhim qadam hisoblanadi.