O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 29-noyabrdagi” PQ-407-sonli qarori asosida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda chekka hududlardagi aholi qatlamini sog‘lomlashtirish maqsadida Samarqand davlat tibbiyot universiteti ishchi guruhi tomonidan viloyatdagi uzoq bo‘lgan hududlarda aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.
Joriy yilning 15-mart kuni Qo‘shrabot tumani Chimboz qishlog‘idagi “OQMACHIT” oilaviy shifokorlik punktida SamDTUning malakali tibbiy xodimlari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar tashkil etildi. OSHPga qarashli aholining katta qismi 10 dan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, kerakli tavsiya va yo‘llanmalar taqdim etildi. Shifokorlik punktida aholi bilan suhbatlar va ma’ruzalar tashkil etilib, “Salomatlik asoslari”, “Chekishning inson organizmiga ta’siri”, “To‘g‘ri ovqatlanish” kabi mavzularda tushunchalar berildi.
Bugungi kunda “OQMACHIT” oilaviy shifokorlik punktiga qarashli aholi qatlami 5600 ta bo‘lib, ularning 2100 nafari birinchi, 2200 nafari ikkinchi, 718 nafari uchinchi va 19 nafari to‘rtinchi xavf guruhidagi bemorlar hisoblanadi.
Shuningdek, tumandagi 41-va 64—umumta’lim maktablarida o‘quvchilar SamDTU xodimlari va volontyor talabalaridan iborat guruh tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tibbiy madaniyatni shakllantirishga doir davra suhbatlari tashkil etildi.
Mazkur tibbiy ko‘riklardan ko‘zlangan maqsad imkoniyati cheklangan aholi qatlamiga qulay tibbiy xizmatni taqdim qilish, aholining tibbiy madaniyatini shakllantirish orqali hayot darajasini yaxshilash iborat bo‘lib, Samarqand davlat tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari va ishchi guruhi tomonidan viloyatning chekka hududlarida amalga oshirilayotgan ushbu keng ko‘lamli va tizimli vazifalar aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirishda muhim rol o‘ynaydi.
SamDTU Matbuot xizmati