Samarqand davlat tibbiyot universitetida bugungi kunda Respublikamiz bilan bir qatorda ko‘plab xorijiy mamlakatlardan ham talabalar ta’lim olib kelmoqda. Jumladan, universitetda hozirda 3000 dan ziyod Hindistonlik va Pokistonlik talabalar Xalqaro ta’lim fakultetida malakali tahsil olib kelmoqda.
Joriy yilning 18-fevral kuni Yakuniy davlat imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan 74 nafar bitiruvchi bosqich talabalariga diplomlarni tantanali ravishda topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev ochib berdi hamda bitiruvchi kurs talabalariga keyingi kasbiy faoliyatlarida omadlar tilab, o‘z yurtlarida yetuk shifokor bo‘lishlariga tilakdosh ekanligini bildirdi. Shuningdek, uchrashuvda "MD House" agentligi rahbari Dr. Sunil Sharma va "Arsal education" agentligi rahbari janob Rashid Mehmood ham ishtirok etishdi va ular ham bitiruvchilarni ushbu muvaffaqiyat bilan tabrikladilar.
Uchrashuv so‘ngida Xalqaro ta’lim fakulteti bitiruvchilari Mohammad Doud va Mylavarapu Madhulikalar talabalar nomidan SamDTU rahbariyati va ustozlarga yaratilgan shart-sharoitlar va sifatli ta’lim uchun minnatdorchilik bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida, universitetning Xalqaro ta’lim fakultetida Ummon, Quvayt, Bangladesh, Filippin, Afg‘oniston, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Afg‘oniston hamda Turkiya kabi mamlakatlardan talabalar tahsil olmoqda.
SamDTU Matbuot xizmati