Inson organizmidagi eng muhim hayotiy omil hisoblangan qon zarur ozuqa va kislorodlarni tashish, tartibga solish hamda inson sog‘ligini tiklashda asosiy rol o‘ynaydi. Baxtsiz hodisalar va turli kasalliklar tufayli qon yo‘qotish natijasida qon quyish zarurati paydo bo‘ladi hamda donorlarga ehtiyoj tug‘iladi.
Donorlikni targ‘ib qilish va insonlar hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shish maqsadida joriy yilning 17-yanvar kuni “Qon topshir – hayot in’om et” xayriya aksiyasi tashkil etildi. Aksiya doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti ham “Men donorman” shiori ostida faol ishtirok etib, savobli ishga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Samarqand viloyati Qon quyish markazida universitet xodimlari va talabalaridan iborat ko‘ngillilar jamoasi qon topshirdilar.
Mazkur aksiyada doimiy tashabbus ko‘rsatib kelayotgan Samarqand davlat tibbiyot universiteti jamoasi va faol xodimlariga tashakkur bildirildi.
Qon donorligiga bo‘lgan talabning yuqoriligini inobatga olib, barcha ko‘ngillilarni mazkur xayrli aksiyada faol ishtirok etishga chorlab qolamiz!
SamDTU Matbuot xizmati