Samarqand davlat tibbiyot universitetida bayramona va iliq muhitda Xalqaro ta’lim fakulteti xodimlari va xorijlik talabalar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Fakultet xodimlari masofaviy va madaniy farqlarga qaramay, universitetning katta oilasiga aylangan talabalarni kelayotgan yangi yil bilan samimiy tabriklab, o‘qishlarida omad tiladilar. Fakultet dekani Sobirjon Mamaradjabov o‘z nutqida har bir talaba universitetning yildan yilga mustahkamlanib borayotgan xalqaro hamjamiyatining ajralmas qismi ekanligini alohida ta’kidladi.
Xorijlik talabalar universitet tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar va qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z minnatdorliklarini bildirishdi. Shuningdek, talabalar o‘z rejalari haqida gapirib, SamDTUda ta’lim olish ularga o‘z salohiyatlarini to‘liq ochishga va belgilangan maqsadlarga ishonch bilan intilishga yordam berayotganini ta’kidladilar.
Uchrashuvda fakultet talabalariga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti har bir xorijlik talabani o‘z uyidagidek his qiladigan muhit yaratishga va universitetning xalqaro hamjamiyati o‘zaro birdamlik va dunyoviy do‘stlik ramzi bo‘lib qolishga intiladi!
SamDTU Matbuot xizmati