25-dekabr kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida joriy yilning so‘nggi ilmiy kengashi bo‘lib o‘tdi. Ilmiy kengashni universitet rektori Jasur Rizayev kirish so‘zi bilan ochib berdi hamda kirib kelayotgan yangi 2025-yil bilan barchani tabriklab, ilmiy, shaxsiy va ish faoliyatida barchaga omad tiladi.
Ilmiy kengash yil sarhisobi, yil davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va yaratilgan yangi imkoniyatlar muhokamasi bilan boshlandi. Samarqand davlat tibbiyot universitetida 2024-yil davomida ilmiy, amaliy, ta’limiy va tashkiliy masalalarda ko‘plab yutuqlarga erishildi. Jumladan, universitet ko‘p tarmoqli klinikasida yangi Xirurgiya markazi ish boshladi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Doktor M klinikasi hamkorligida Samarqandda birinchi EKO IKSI markazi tashkil etildi.
Universitetda amalga oshirilgan ishlar samarasi o‘laroq, oliy ta’lim muassasalarining nufuzli xalqaro reytingi hisoblangan Times Higher Education e’lon qilgan reytingda yuqorilab bormoqda. Eng quvonarlisi joriy yilda universitet ta’lim yo‘nalishlarining Tibbiy Ta’lim Butunjahon Federatsiyasi (World Federation of Medical Education – WFME), Oliy ta’limda Sifatni Ta’minlash Evropa Assotsiatsiyasi (European Association for Quality Assurance in Higher Education – ENQA) hamda Osiyo Tinch Okeani hududi Sifat Registri (Asia Pacific Quality Registr – APQR) standartlariga muvofiqligiga yuqori baho berilib, “Davolash ishi”(o‘zbek, rus va ingliz tillarida) hamda “Stomatologiya” ta’lim dasturlari WFME Portal bazaviy tibbiy ta’limning akkreditatsiya qilingan ta’lim dasturlari portalida joylashtirildi. Ta’kidlash joizki, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma ta’lim va xizmatlarning sifati, ularning xalqaro talablarga muvofiqligi kafolatlarini tasdiqlaydi va ushbu dasturlar bo‘yicha oliy ta’lim to‘g‘risidagi diplom butun dunyoda tan olinadi. Bu esa universitet bitiruvchilari uchun xalqaro miqyosda katta imkoniyatlarni ochadi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ta’lim sohasida talabalarga bir qator yengilliklar yangi imkoniyatlar yaratildi. Bu esa talabalarning nafaqat viloyat va Respublika, balki, xalqaro miqyosdagi tanlov va musobaqalarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishiga zamin yaratdi. Shuningdek, yil davomida Samarqand davlat tibbiyot universiteti ko‘plab Respublika va xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar, olimpiada va talabalar yozgi maktablariga mezbonlik qildi.
Universitet xalqaro hamkorlik borasida ham katta qadam bilan yurish qilib, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi. Xususan 2024-yilda Samarqand davlat tibbiyot universiteti jahonning bir qator mamlakatlarining ta’lim muassasalari va klinik bazalari bilan hamkorlikda ko‘plab memorandumlarni imzoladi. Xalqaro hamkorlik doirasida qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirishda ham katta yutuqlarga erishildi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari va tibbiy xodimlari yil davomida xorijiy mamlakatlarda akademik mobillik doirasida Malaka oshirdilar. Amaliy tibbiyotda ham universitetda ko‘plab yutuqlarga erishildi.
O‘tkazilgan ilmiy kengash doirasida bir qator ilmiy darajalarni qo‘lga kiritgan o‘qituvchilarga attestat va diplomlari topshirildi. Shuningdek, tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan universitet professor-o‘qituvchilaio‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan xodimlarga maxsus diplom va statuetkalar taqdim etildi.
SamDTU Matbuot xizmati