×
Menu
Close Menu

«KLINIK NEVROLOGIYA VA NEYROREABILITATSIYADA INNOVATSION YONDASHUVLAR» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi

  Joriy yilning 28-29-noyabr kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini oshirish markazi bilan hamkorlikda fundamental, klinik va amaliy nevrologiya, neyroreabilitatsiya va neyroxirurgiyaning dolzarb masalalarini muhokama qilishga qaratilgan “KLINIK NEVROLOGIYA VA NEYROREABILITATSIYADA INNOVATSION YONDASHUVLAR” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Xalqaro konferensiyaga Ispaniya, Rossiya, Turkiya, AQSH, Fransiya, Singapur, Qozog‘iston va O‘zbekistonning yetakchi oliy tibbiyot ta’lim muassasalari va ilmiy-amaliy markazlaridan 400 dan soha vakillari qatnashdi.

  Anjumanning ochilishida so‘zga chiqqan SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini oshirish markazi direktori Habibulla Ataullayevich Akilov hamda O‘zbekiston nevrologlar assotsiatsiyasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini oshirish markazi nevrologiya kafedrasi mudiri, t.f.d., professor Baxtiyor G‘ofurovich G‘ofurovlar tashkil etilgan mazkur nufuzli anjumanning soha rivoji va ilmiy-amaliy ko‘nikmalar almashishdagi ahamiyatini alohida ta’kidlab, barcha ishtirokchilarga omad tiladilar.

  Yalpi majlisdan so‘ng anjuman o‘z ishini sho‘balarga bo‘lingan holda davom ettirdi. konfdeensiya davomida «Nevrologik amaliyotda og‘riq sindromlarini davolashga tabaqalashtirilgan yondashuvlar», «Serebrovaskular patologiyalar bo‘yicha nevrologik bo‘shliqlar orasidagi ko‘priklar», «Neyroreabilitatsiya uchun miyа-kompyuter interfeyslari», «Neyroreabilitatsiyadagi zamonaviy tendensiyalar», «Insult o‘tkazgan bemorlarni dalillarga asoslangan reabilitatsiya qilish», «Fransiyada neyroreabilitatsiya sohasidagi innovatsiyalar», «O‘zbekistonda Parkinson kasalligi va markaziy asab tizimining boshqa harakat buzilishlarini jarrohlik yo‘li bilan davolashning dastlabki natijalari» kabi mavzularda ma’ruzlalar tinglanib, atroflicha muhokamalar qilindi.

  Tashkil etigan mazkur almiy-amaliy konferensiya yurtimizda fundamental, klinik va amaliy nevrologiya, neyroreabilitatsiya va neyroxirurgiya sohasini yangi bosqichga ko‘tarish, jahon tajribasini joriy qilish va xalqaro aloqalarni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.


SamDTU Matbuot xizmati