×
Menu
Close Menu

​SamDTU neyroxirurgiyasi yutuqlari xalqaro kongressda eʼtirof etildi

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi delegatsiyasi 2024-yil 14-15-noyabr kunlari Qozogʻistonning Olmaota shahrida oʻtkazilgan “Qozogʻiston neyromodulyatsiya jamiyatining 1-xalqaro kongressi” (The First Congress of the Kazakh Neuromodulation Society) da ishtirok etdilar.

  Neyromodulyatsiya sohasi oʻtgan asrning oxirlarida paydo boʻlgan va Gʻarbiy mamlakatlarda rivojlanib, yutuqlarga erishgan boʻlib, soʻnggi yillarda neyromodulyatsiya Markaziy Osiyo mamlakatlarida, jumladan, bizning mamlakatimiz tibbiyotiga ham tadbiq etilmoqda. Xususan, 2023-yilda Respublikamizda birinchi boʻlib SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazida neyromodulyatsiyaga asos solingan edi va oʻtgan 10 oy davomida markazda Parkinson kasalligi bilan ogʻrigan 40 dan oshiq bemorlar bosh miyasiga stimulyatorlar oʻrnatish, epilepsiya kasalligida vagus nerviga implant oʻrnatish va orqa miyasi zararlangan bemorlarga spinal elektrod oʻrnatish kabi yuqori texnologiyali zamonaviy operatsiyalar amaliyotga joriy etildi.

  Olmaota shahrida oʻtkazilgan kongressda Butunjahon neyromodulyatsiya jamiyatining turli mamlakatlaridagi ushbu sohaning eng yetakchi vakillari oʻzlarining yutuqlari bilan qatnashdi. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, ushbu kongress dasturidagi markaz direktori, PhD, dotsent M.A. Aliyevning Oʻzbekiston Respublikasidagi neyromodulyatsiyaning ilk natijalari haqidagi maʼruzasi anjuman qatnashchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Kongressda Butunjahon neyromodulyatsiya jamiyati prezidenti professor Konstantin Slavinning taklifiga koʻra yaqin kelajakda Oʻzbekistonda ham neyromodulyatsiya jamiyati tashkil etilishi koʻzda tutilmoqda.



SamDTU Matbuot xizmati