1989-yilning 21-oktyabr kuni Vatanimizda davlat tilining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, unga ko‘ra O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi.
“O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida” 2020-yil 10-aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonunining (O‘RQ-615-son) 1-moddasi bilan 21-oktyabr kuni "O‘zbek tili bayrami kuni" etib belgilangan.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 35 yil to‘lishi munosabati bilan mazkur sanani “O‘zbek tili bayrami” sifatida nishonlanishi butun respublika miqyosida qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Shu munosabat bilan, joriy yilning 21-oktyabr kuni Samarqand Davlat tibbiyot universitetida «O‘zbek tili va adabiyoti, rus tili bilan” kafedrasi xodimlari va talabalar ishtirokida “TIL – MILLAT FAXRI” mavzusida bayram tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda Samarqand Davlat tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdilar. Bayram tadbirida o‘zbek tilining huquqiy maqomini belgilashda yengib o‘tilgan qiyinchiliklardan tortib hozirgi kunda tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda davlat tilini yangi pog‘onaga olib chiqish borasida qilinayotgan sa’y-harakatlar alohida e’tirof etildi.
Tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma’naviy burchimiz ekanligi e’tirof etildi.
SamDTU Matbuot xizmati