Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​SamDTU va Germaniyaning Heydelberg Universiteti o‘rtasidagi neyroxirurgiya sohasi bo‘yicha hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda

  So‘ngi yillarda yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish va yetakchi xorijiy mamlakatlar yutuqlarini sohaga tadbiq qilish maqsadida davlatlararo fan va tibbiyot forumlari an’anaviy ravishda tashkil etilmoqda. 2023-yil 25-may kuni Samarqand shahrida o‘tkazilgan “O‘zbekiston – Germaniya tibbiyot forumi” doirasida Universitetimiz va Germaniyaning bir qancha yetakchi tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolangan edi. Jumladan, universitetimiz huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi hamda Germaniyaning Heydelberg Universiteti Neyroxirurgiya klinikasi bilan ham hamkorlik o‘rnatish maqsadida memorandumga imzo chekildi.

  Ushbu hamkorlik doirasida Heydelberg Universiteti Neyroxirurgiya klinikasi direktori, professor Andreas Unterbergga SamDTU faxriy professori maqomi berildi va o‘tgan vaqt davomida professor tomonidan Neyroxirurgiya kafedrasida bir qator ma’ruzalar va mahorat darslari tashkil etildi

  Universitetimiz huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi direktori PhD, dotsent M.Aliyev va assistent B.Abduvoyitov 17-18-oktyabr kunlari Germaniya Federativ Respublikasining Heydelberg Universiteti (UKHD) Neyroxirurgiya klinikasida qisqa muddatli malaka oshirish kursida bo‘lishdi.  

  Tashrif doirasida mutaxassislarimiz ushbu klinikada bajarilayotgan murakkab texnologiyali operatsiyalarda qatnashdilar va zamonaviy uskunalar bilan ishlash tajribasini o‘zlashtirdilar. Bundan tashqari klinikalararo ilmiy kollaboratsiya, akademik mobillik va mutaxassislarning qisqa va uzoq muddatli malaka oshirish masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Universitäts Klinikum Heidelberg (UKHD) Neyroxirurgiya klinikasi neyroxirurglari markazimizda mahorat darsi operatsiyalarini amalga oshirish rejalashtirildi.


SamDTU Matbuot xizmati