Joriy yilning 28-iyun kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida "Iste’mol qilinadigan dorivor o‘simliklar manbalari va biologik faol ingrediyentlar" nomli VIII xalqaro simpozium ish boshladi. Samarqand Davlat Tibbiyot Universiteti, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand Davlat universiteti, Gonkong fan va texnologiya universiteti hamda Shinjon Fizika va kimyo texnik instituti hamkorligida tashkil etilgan simpoziumda bir qator mamlakatlardan soha vakillari ishtirok etdi.
Har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan mazkur simpoziumda resurslar, kultivatsiyalar, kimyoviy tarkibiy qismlar, bioaktivliklar va dorivor o‘simliklarning dorivor xususiyatlari haqidagi yutuqlar almashinildi. Tegishli sohalardagi dolzarb masalalar va asosiy muammolarni muhokama qilinib, fundamental tadqiqotlar va texnologiyalar istiqbollari xususida fikr almashinildi. Shuningdek, anjumanda Xitoy tibbiyot resurslarini qayta ishlash Pan sog‘liqni saqlash mahsulotlarini ishlab chiqish, qurg‘oqchil zonalarda cho‘llanish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun yovvoyi o‘simliklar yetishtirish, Anor po‘stlog‘ining sifat standartlari, O‘zbekiston Respublikasi yovvoyi o‘simliklari va ulardan an’anaviy tibbiyotda foydalanish hamda boshqa bir qator mavzularda ma’ruzalar qilindi.
Simpozium doirasida ishtirokchilar bilan Samarqand davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurildi. Universitetdagi yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim jarayonlari va tizimi bilan yaqindan tanishilib, universitet tarixi muzeyiga ham sayohat uyushtirildi.
Tashkil etilgan simpozium sohadagi so‘nggi o‘zgarishlar va yutuqlarni o‘zaro bo‘lishish, ilmiy almashinuvni tashkil etish hamda hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga turtki bo‘ladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
SamDTU matbuot xizmati