Joriy yilning 19-22-iyun kunlari MESCA jamg‘armasi tomonidan Samarqand davlat tibbiyot universitetining Ko‘p tarmoqli klinikasi Jarrohlik markazida Daun sindromi bilan og‘rigan 200 dan ortiq bolalar uchun oftalmologik, stomatologik va otorinoloringologik skrining tekshiruvini o‘tkazilmoqda.
Tekshiruvlar Shveysariya, Toshkent va SamDTU Nevrologiya kafedrasidagi mutaxassislar tomonidan amalga oshirildi. MESCA jamg‘armasi 2023-yildan boshlab O‘zbekistonda Daun sindromiga ega bolalar uchun skrining o‘tkazib kelmoqda. Keratokonusni aniqlash uchun oftalmologik skrining shular jumlasidandir (Keratokonus – oftalmologiya sohasidagi kasallik bo‘lib, yallig‘lanish xususiyatiga ega bo‘lmagan shox pardaning progressiv degenerativ jarayoni rivojlanishidir).
MESCA jamg‘armasining asosiy maqsadi O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini yuqori sifatli tibbiy yordam bilan ta’minlashga qaratilgan. MESCA sog‘liqni saqlash xizmatlarini kengaytirmoqda – Samarqandda nafaqat oftalmologik skrining, balki eshitish bo‘yicha va stomatologik tekshiruvlar ham o‘tkaziladi. Bundan tashqari, SamDTU shifokorlari, ordinator va talabalari uchun O‘zbekistondagi pediatr va nevrologlar jamiyati uchun sog‘liqni saqlash vazifalari bo‘yicha simpozium o‘tkazish ko'zda tutilgan. Shuningdek, keratokonus diagnostikasi va davolash bo‘yicha ochiq klinik trening bo‘lib o‘tadi. Daun sindromli bolalarning ota-onalari va o‘qituvchilari uchun mahorat darslari tashkil etiladi. Ushbu mahorat darslari profilaktika tibbiyoti bo‘yicha ta’limni qo‘llab-quvvatlash, ya’ni kasalliklar boshlanishidan oldin ularning oldini olish uchun yo‘naltirilgan.
SamDTU matbuot xizmati