×
Menu
Close Menu

​O‘zbekiston va Germaniya: sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro hamkorlik yangi bosqichda

  Bugungi kunda O‘zbekiston va Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari yanada rivojlanib bormoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil davomida Germaniyaga amalga oshirgan tashrifi davomida yurtdoshlarimizni Germaniyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun munosib shart-sharoit yaratish, ularni malakali mutaxassis sifatida yuqori maoshli ish o‘rinlariga joylashtirishga qaratilgan "Migratsiya va mobillik" hukumatlararo bitim loyihasini ishlab chiqish taklifi ilgari surilgan edi. 

  Kelishuvga muvofiq ikki davlat vakillaridan iborat ishchi guruh shakllantirilgan bo‘lib, bitimning 4-bosqich muhokamalari doirasida Germaniya Federal hukumatining migratsiya kelishuvlari bo‘yicha maxsus vakili, janob Yoahim Shtamp boshchiligidagi delegatsiya Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida "Migratsiya va mobillik" hukumatlararo bitim loyihasi muhokama etildi.

  Shuningdek, Doktor Yoahim Shtamp boshchiligidagi mehmonlar Samarqand davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida nemis tilini o‘qitish dasturida ishtirok etayotgan hamshiralar bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularga bir qancha muhim ma’lumotlar taqdim etildi. Yuzaga kelgan savollarga atroflicha javoblar berildi.

  Ma’lumot o‘rnida aytishimiz mumkinki, ikki mamlakat o‘rtasidagi "Migratsiya va mobillik" hukumatlararo bitimning imzolanishi yurtdoshlarimizni Germaniya standartlari asosida kasb-hunarga o‘qitish, nemis tilini o‘rgatish hamda, xususan, hamshiralarga ushbu davlatda yuqori daromadli ishlarga joylashtirish imkoniyatini yanada oshiradi.


SamDTU matbuot xizmati