Joriy yilning 24-25-may kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetida universitetni turli yillarda tamomlagan bitiruvchilar bilan “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Bitiruvchilar Samarqand davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurib, uning bugungi kundagi faoliyati, ta'lim tizimi hamda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Universitet tarixiy muzeyiga ham sayohat uyushtirilib, o'zlari ta'lim olgan oliygoh tarixi haqida qiziqarli ma'lumotlar va eksponatlarning guvohi bo'ldilar.
SamDTU bitiruvchilarining III forumi doirasida tashkil etilgan uchrashuvning tantanali marosimida universitetni turli yillarda tamomlagan bitiruvchilar, faxriy professor-o‘qituvchilari va sog‘liqni saqlash sohasi vakillari shuningdek, hozirgi kunda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Rossiya, Gretsiya hamda AQSHda faoliyat yuritayotgan SamDTU bitiruvchilari ishtirok etdi. Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev universitetning shonli tarixi, SamDTI ning tashkil etilishi, uning nafaqat Respublikamiz, balki, jahon sog‘liqni saqlash tizimiga ellik mingdan oshiq malakali kadrlar yetishtirib bergani haqida so‘z yuritib, bugungi kundagi faoliyati haqida ham ma’lumotlar berib o‘tdi.
Forum davomida turli yillardagi bitiruvchilarning chiqishlari tinglanib, universitetga atalgan ramziy esdalik sovg‘alari qabul qilindi. Shuningdek, bitiruvchilarga SamDTU bitiruvchilar uyushmasi tomonidan “Shifokorlik kasbiga sodiqligi uchun”, “Universitetga sodiqligi uchun" va “Universitetning xalqaro miqyosdagi darajasiga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandilar.
Samarqand davlat tibbiyot universitetida bitiruvchilarning III forumi doirasida o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” tantanali tarzda kuy-qo‘shiqlar hamda raqslar bilan davom etdi.