×
Menu
Close Menu

​Turkiy davlatlar olimlarining neyromodulyatsiya muammolariga bag‘ishlangan birinchi simpoziumi o‘tkazildi

  Joriy yilning 22-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi, Altinbash Universiteti Medical Park Behchilevler Hospitali va O‘zbekiston Neyroxirurglari Assotsiatsiyasi tomonidan “Turkiy davlatlar olimlarining neyromodulyatsiya muammolariga bag‘ishlangan birinchi simpoziumi” tashkil etildi.

  Simpoziumda dunyoning o‘ndan ortiq davlatlaridan ko‘plab taniqli mutaxassislar, jumladan, neyroxirurglar va nevropatologlar, reabilitologlar, neyrofiziologlar va radiologlar ishtirok etishdi. Simpoziumni Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev ochib berdi hamda tashkil etilgan simpoziumning ahamiyatida haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, O‘zbekiston neyroxirurglari assotsiatsiyasi prezidenti, professor G‘.M. Qoriyev, O‘zbekiston neyroxirurglari assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasi professori A.M. Mamadaliyev, Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i S.S. Zayniyev, Turkiyaning Istanbul shahridagi Altinbash Universiteti Medical Park Behchilevler Hospitali Neyroxirurgiya Departamenti mudiri professor Sait Ozturk, Turkiyaning Istanbul shahridagi Altinbash Universiteti Medical Park Behchilevler Hospitali Nevrologiya Departamenti mudiri professor Emir Rushenlar ham so‘zga chiqib, Anjuman ishiga omad tiladilar.

  Simpozium dasturida Parkinson kasalligining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan 20 dan ortiq ilmiy ma’ruzalar ishtirokchilarga namoyish qilindi.

  Ushbu simpozium Markaziy Osiyo Neyroxirurgiyasining rivojlanishida navbatdagi bosqich sifatida tarixiy o‘rin tutdi, zero ushbu anjuman shu shakldagi anjumanlarning birinchisi ekanligini ta’kidlash lozim. Anjumanning Turkiy davlatlar olimlarining Neyromodulyatsiya simpoziumi deb nomlanishi ham chuqur ma’no kasb etadi va Turkiy mamlakatlarning birgalikda rivojlanishida muhim bo‘g‘in bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu simpoziumning birinchisi O‘zbekistonda va xususan, Samarqandda o‘tkazilishi esa mintaqada, xususan yurtimizda Parkinson va harakat buzilishlari sohasining rivojlanishiga yangi qarashlarni tatbiq etishda katta ahamiyat kasb etadi.


SamDTU matbuot xizmati