Respublikamiz bo‘ylab "Jismoniy tayyorgarlik darajasi" sport sinovlarining 2-bosqichi, ya’ni 18 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan aholi qatlamlaridan sport sinovlarini qabul qilish jarayonlari olib borilmoqda. Shu jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universitetida ham talaba yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ularning sportga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida universitet talabalari o‘rtasida “Sog‘lom turmush – buyuk kelajak” shiori ostida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari o‘tkazildi.
Ochilishda so‘zga chiqqan Samarqand sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev hamda SamDTU Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Eldor Tangirov bugungi kunda yurtimizda sog‘lomlashtirish hamda sport sohalarida amalga oshirilayotgan samarali ishlar hamda yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida so‘z yuritib, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish va uni targ‘ib qilish barchamizning vazifamiz ekanini ta’kidladilar.
“Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarida barcha fakultetlaridan ariza topshirgan 1200 nafardan ortiq talaba yoshlar uzoq masofaga yugurish, uzunlikka sakrash hamda basketbol to‘pini uloqtirish bo‘yicha o‘z tayyorgarliklarini sinovdan o‘tkazdilar. Talabalarning tayyorgarlik darajalari hakamlar tomonidan kuzatilib, tahlil qilindi.
Ma’lumot uchun: Sport sinovlari fakultetlar kesimida 8-may kuniga qadar davom etadi.
SamDTU matbuot xizmati