Samarqand Davlat tibbiyot universiteti bitiruvchi bosqich talabalari hamda magistratura va klinik ordinatura (rezidentura) mutaxassisliklarining bitiruvchi bosqich talabalarini sog‘liqni saqlash tizimiga qarashli tibbiyot muassasalarini kadrlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalarining tahsil olish jarayonida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishlari va munosib daromad olishlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida, joriy yilning 29-aprel kuni bitiruvchi bosqich talabalari bilan uchrashuv hamda “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Mehnat yarmarkasida viloyatimiz hamda Toshkent viloyatidagi tibbiyot birlashmalari va tibbiy muassasalar bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdilar.
Mazkur yarmarkada talabalar uch mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari hamda ishga joylashish tartib-qoidalari bilan tanishib, ish beruvchi tashkilotlar bilan suhbatlar uyushtirdilar. Jumladan, Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi muassasalari 500 ga yaqin bo‘sh ish o‘rni bilan, Samarqand viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi 1466 ta ish o‘rni bilan hamda Toshkent viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi muassasalari 1041 nafar bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.
Tadbirning keyingi qismida yarmarkaga doir yig‘ilish tashkil etilib, unda Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Turakul Arzikulov, Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suxrob Zayniyev, Samarqand hamda Toshkent viloyatidagi tibbiyot birlashmalari rahbarlari va talabalar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda talabalarga mavjud ish o‘rinlari va birlashmalarda yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, ayni damda Samarqand davlat tibbiyot universitetida 1300 dan ziyod bakalavr, 61 ta magistr hamda 300 dan ortiq ordinator bitiruvchilar ta’lim olib kelmoqda.Tashkil etilgan mehnat yarmarkasi bitiruvchilarning munosib ish o‘rinlarini topishda ko‘mak vazifasini o‘taydi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
SamDTU matbuot xizmati