Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​“Qon tomir jarrohligining dolzarb muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi

  Bugun Samarqand shahrida “Qon tomir jarrohligining dolzarb muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ish boshladi. Samarqand davlat tibbiyot universiteti, O‘zbekiston Flebologlari assotsiatsiyasi hamda Rossiya angiologlari va qon tomir jarrohlari uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan mazkur anjuman ochilishida so‘zga chiqqan O’zbekiston Flebologlari Assosiasiyasi raisi Tursunov Baxtiyor Ziyayevich, SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev va Rossiya angiologlari va qon tomir jarrohlari uyushmasi rais o’rinbosari Fokin Aleksey Anatolyevich konferensiyaning og‘ir qon tomir patologiyasi bo‘lgan bemorlarni davolashning yangi dasturlari va texnologiyalarini asoslash va amalga oshirishdagi ahamiyati haqida so‘z yuritib, barcha ishtirokchilarni qutladi.

  Anjumanda O'zbekiston, Rossiya Federatsiyasi, Qozog'iston, Tojikiston va boshqa mamlakatlardan mutaxassis olimlar ishtirok etdi.

  Konferensiya doirasida qon tomir jarrohligi va angiologiyaning bir qancha dolzarb muammolari, jumladan, pastki ekstremitalarning kritik ishemiyasi, venoz tromboz hamda boshqa masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar almashilib, kasallikka chalingan bemorlarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishning tashkiliy va diagnostika masalalari, ochiq jarrohlik va endovaskulyar aralashuvlarning ko‘rsatkichlari muhokama qilindi. Amaliy ko'nikmalar hamda operatsion jarayonlar orqali tajriba almashildi.

  Anjumanda “Oyoq arteriyalarining ko‘p qavatli zararlanishida gibrid operatsiyalar”, “Dastlabki holat va prognozning zamonaviy tasniflarida oyoqlarning kritik ishemiyasi”, “Endovaskulyar aralashuvlar davrida distal revaskulyarizatsiya” va boshqa dolzarb masalalarda ma’ruzalar qilindi. Anjumanning ikkinchi kunida Samarqand davlat tibbiyot universiteti klinik bazasida yosh mutaxassislar uchun turli mahorat darslari tashkil etish hamda gibrid operatsiyalar bo‘yicha tajriba almashish rejalashtirilgan.


SamDTU matbuot xizmati