Samarqand davlat tibbiyot universitetida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik, giyohvand va kuchli psixotrop moddalarga ruju qo‘yilishining oldini olish hamda ularni diniy ekstrimistik, terroristik ruhdagi oqimlarga qo‘shilib ketishdan muhofaza qilish maqsadida doimiy ravishda profilaktik davra suhbatlari hamda tadbirlar tashkil etib kelinadi.
Jumladan, bugun, 18-aprel kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabalari bilan diniy ekstremizm, terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda SamDTU rektori maslahatchisi E.Aripov, Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi JQB xodimi F.Yusupov, Davlat xavfsizlik xizmati xodimi K.Baxtiyorov, Samarqand viloyat sport boshqarmasi xodimi D.Umarov, universitet xodimlari hamda talabalar ishtirok etdi.
Davra suhbatida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarini sodir etmaslik, ular uchun ko‘riladigan qonuniy jazo choralari haqida tushuntirishlar berildi. Shuningdek, talabalarga turli buzg‘unchi va yot g‘oyalardan saqlanish va ogohlik davr talabi ekanligi uqtirildi. Yig‘ilganlarga yurtimiz tinchligi, farovonligining qadriga yetib, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish kerakligi ta’kidlandi.
Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
SamDTU matbuot xizmati