Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​O’zbekiston va Tojikiston ta’lim hamkorligi yangi bosqichda

  Ayni kunlarda O‘zbekiston va Tojikiston Oliy ta’lim muassasalari rektorlarining II forumi davom etmoqda. Forumda ikki davlat OTMlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikka asoslangan ko‘plab shartnomalar imzolandi. Shu jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Tojikiston davlat tibbiyot universiteti o‘rtasida ham hamkorlik memorandumi imzolandi.  Joriy yilning 16-aprel kuni forum delegatsiyasi Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Delegatsiya dastlab Samarqand davlat universitetida bo‘ldi. Tashrif doirasida viloyatda oliy va professional ta’limning tashkil etilishi hamda yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, Tojikiston davlat tibbiyot universiteti rektori Gulzoda Mahmadshoh Qurbonali Samarqand davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni SamDTU rektori Jasur Rizayev kutib oldi hamda universitet va unda yaratilgan sharoitlar, ta’lim jarayonlari va dasturlari bilan tanishtirdi.

  Tashrif doirasida hamkorlik masalalari muhokama qilinib, birgalikda o‘quv va ilmiy jarayonlar hamda akademik almashinuvni  tashkil etishga kelishildi.

  Shuningdek, navbatdan tashqari universitet ilmiy kengashi tashkil etilib, Tojikiston Davlat tibbiyot universiteti rektori Gulzoda Mahmadshoh Qurbonaliga "Samarqand davlat tibbiyot universiteti faxriy professori" unvoni topshirildi. Ilmiy kengashda so‘zga chiqqan Jasur Rizayev va Gulzoda Mahmadshoh Qurbonali yangi bosqichga ko‘tarilgan mazkur hamkorlikning ikki davlat ta’lim tizimidagi ahamiyatini ta’kidlab, amalga oshirilayotgan bu keng ko‘lamli ishlar sog‘liqni saqlash sohasini yanada rivojlantirishga turtki bo‘lishi haqida so‘z yuritdilar.

  Delegatsiyaning Samarqandga tashrifi davomida qadimiy va navqiron shaharning diqqatga sazovor joylariga ham sayohatlar tashkil etilib, mehmonlarni ta’lim va madaniyat o‘chog‘i bo‘lgan o‘lkamiz tarixi bilan ham tanishtirildi. Keng ko‘lamda tashkil etilgan O‘zbekiston va Tojikiston Oliy ta’lim muassasalari rektorlarining II forumi ikki davlatning nafaqat ta’lim sohasida, balki azaliy do‘stlik an’analarida ham yangi bosqichni boshlab berdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.


SamDTU matbuot xizmati