Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​Ogohlik – davr talabi!

  Bugungi kunda dunyoning turli o‘lkalarida notinchliklar, siyosiy nizolar va urushlar sodir bo‘layotgani hech kimga sir emas. Shunday bir zamonda mamlakatimiz tinchligi, osoyishtaligini ta’minlash, yoshlarning turli buzg‘unchi va yot g‘oyalarga ergashib ketishlarining oldini olish borasida butun Respublikamiz bo‘ylab tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

  Jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universitetida ham talabalarning turli yot diniy oqimlar, ekstremistik tashkilotlar ta’siriga tushib qolishlarining oldini olish, ular tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining sodir etilishiga qarshi kurashish maqsadida doimiy ravishda tadbirlar va uchrashuvlar tashkil etib kelinmoqda.

  Joriy yilning 4-aprel sanasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti Qo‘shma ta’lim fakulteti talabalari bilan “Ogohlik – davr talabi!” nomli profilaktik tadbir tashkil etildi. Tadbirda SamDTU qo‘shma ta’lim fakulteti dekani D.Sh.Abduraxmanov, universitet rektorining talabalar orasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bo‘yicha maslahatchisi E.Aripov, universitet profilaktika inspektori O.Eshmuratov, SamDTU Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi mutaxassisi B.Rashidov hamda tyutor va talabalar ishtirok etdi.

  Tadbir davomida talabalarga diniy ekstremizm va terrorizmning salbiy oqibatlari, belgilangan jinoiy javobgarliklar haqida batafsil ma’lumot berilib, turli yot g‘oyalar hamda oqimlar ta’siriga tushib qolmaslik uchun ogoh bo‘lish lozimligi uqtirildi. Shuningdek, talabalar o‘rtasida jinoyatchilik, huquqbuzarlik va korrupsion holatlarni sodir etmaslik xususida so‘z yuritildi.


SamDTU matbuot xizmati