Samarqand davlat tibbiyot universiteti delegatsiyasi Xitoyga tashrifi davomida bir qator muassasa va markazlar bilan manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Jumladan, safar doirasida universitet rektori Jasur Rizayev boshchiligidagi delegatsiya Pekindagi UIBE xalqaro biznes va iqtisodiyot universitetiga tashrif buyurdi.
Delegatsiyani xalqaro biznes va iqtisodiyot universiteti vitse-prezidenti Venjun kutib oldi hamda tashrif uchun minnatdorchilik bildirdi. Vitse-prezident mehmonlarni UIBE xalqaro biznes va iqtisodiyot universiteti tarixi, tashkil topishi va rivojlanishi, ta’lim jarayonlari bilan tanishtirdi.
Shuningdek, Samarqand davlat tibbiyot universiteti delegatsiyasi ham mezbonlarga tibbiyot universiteti haqida ma’lumotlarni taqdim etib, o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama etildi. Xususan, kelgusida ikki oliygoh o‘rtasida istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, kadrlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda ta’limni raqamlashtirishni tashkil etish borasida muzokaralar olib borildi.
Uchrashuvdan so‘ng Samarqand davlat tibbiyot universiteti delegatsiyasi UIBEning Data-markazga tashrif buyurib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Axborot departamenti direktori Mei Tao mehmonlarga maktabning raqamli smart-kampusi qurilishi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tashrif davomida Xitoyning UIBE xalqaro biznes va iqtisodiyot universiteti va Samarqand davlat tibbiyot universiteti o‘rtasida hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishi ijobiy baholanib, kelgusidagi faoliyat nafaqat ikki oliygoh, balki, mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik aloqalarining yanada mustahkamlanishiga turtki bo‘lishi ta’kidlandi.
Source: https://news.uibe.edu.cn/
SamDTU matubot xizmati