Joriy yilning 23-25-fevral kunlari Turkiyaning Istanbul shahridagi Acıbadem universitetida Neyroxirurgiya boʻyicha xalqaro talabalar konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Konferensiyada dunyoning koʻplab mamlakatlaridan yosh neyroxirurg talabalar ishtirok etdi. Shular qatorida Samarqand davlat tibbiyot universiteti Neyroxirurgiya kafedrasining “Yosh neyroxirurglar” talabalar ilmiy jamiyati aʼzosi, Pediatriya fakulteti 520-guruh talabasi Holmurodov Odil hamda Neyroxirurgiya kafedrasi assistenti Joʻrayev Anvar Mamatmurodovich ham konferensiyada ishtirok etishdi.
Konferensiyada talabamiz “Orqa miya oʻsmalarining zamonaviy diagnostikasi va davolash usullari” mavzusida maʼruza qilib, oʻz fikr va mulohazalarini bildirdi. Tashkil etilgan mazkur xalqaro anjuman neyroxirurgiya sohasiga qiziquvchi yosh talabalar uchun oʻziga xos tajriba maydoni boʻldi desak, xato boʻlmaydi.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki Samarqand davlat tibbiyot universiteti Neyroxirurgiya kafedrasi hamda Acıbadem universiteti oʻrtasida bir necha yillardan buyon kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, shu munosabat bilan, 2022-2023-yillar mobaynida kafedramizning bir qancha professor-oʻqituvchilari ushbu universitet klinikalarida oʻquv kurslarida va turli konferensiyalarda qatnashdilar.
SamDTU matbuot xizmati