Ayni kunlarda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi amalga oshirilmoqda. Tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar va qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Keyingi yillarda mamalakatimiz hamda Xitoy Xalq Respublikasi o’rtasida ko’plab sohada, xususan, ta’limda ham keng hamkorlik aloqalari o’rnatilib kelinmoqda.
Jumladan, joriy yilning 24-yanvar kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetiga Xitoyning “Ruijie Networks” kompaniyasi vakillari tashrif buyurdi. Kompaniyaning Oʻrta Osiyo boʻyicha direktori Jeremy Lin boshchiligidagi mehmonlarni Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev kutib oldi. Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish hamda yangi loyihalarni amalga oshirishdan iborat boʻlib, muzokaralarda shuningdek, Xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektor Zafar Aminov hamda Raqamli taʼlim texnologiyalari markazi boshligʻi Lazizbek Shukurovlar ham ishtirok etdi.
Mazkur kompaniya bilan hamkorlikda oʻtgan yil davomida SamDTU Simulyatsion markazida talabalar va oʻqituvchilarga qulayliklar yaratish maqsadida “Bulutli Wi-Fi” zonalar texnologiyasi joriy qilingan boʻlib, loyiha oʻzini oqlab kelmoqda. Taʼlim jarayonida talaba va professor-o'qituvchilarga internet tarmogʻidan foydalanishda keng imkoniyat yaratuvchi mazkur loyihani endilikda SamDTU yangi oʻquv binosida ham joriy qilish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, rektor Jasur Rizayev tomonidan Xitoyning ta’lim sohasida IT texnologiyalarni qo’llash tajribasini Samarqand davlat tibbiyot universiteti misolida tibbiyotga tatbiq etish masalasi, kelgusida yana boshqa bir qancha istiqbolli hamkorlik loyihalarini amalga oshirish borasida ham soʻz yuritildi.
SamDTU matbuot xizmati