×
Menu
Close Menu

"​Vazir va yoshlar" uchrashuvi

  Yurtimizda sogʻliqni saqlash sohasiga qaratilayotgan eʼtibor hamda yaratilayotgan imkoniyatlar ayni davrda soha rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Joriy yilning 22-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Vazir va yoshlar uchrashuvida Amrillo Inoyatov yakunlanib borayotgan yil sarhisobiga toʻxtalib, amalga oshirilgan ishlar va erishilgan yutuqlar haqida gapirib oʻtdi. Shuningdek, vazir kelgusidagi rejalar va belgilangan vazifalar haqida soʻz yuritib, 2024-yilda shifokorlar va tibbiyot oliygohlari talabalariga yaratiladigan yangi 15 ta imtiyoz va imkoniyatlar bilan tanishtirdi. Xususan, kelgusi yil davomida AQSHning Vebster universitetiga “Tibbiyot muassasalarini tashkil etish va boshqarish” dasturi boʻyicha 50 nafar oʻzbekistonlik yosh mutaxassislar davlat hisobidan oʻqishga yuborilishi, shifokorlar, hamshiralar va yosh tadqiqotchilar uchun vazirlik mablagʻlari hisobidan bir qator xorijiy davlatlar, jumladan Rossiya, AQSH, Germaniya, Turkiya, Koreya, Fransiya, Yaponiya va boshqa davlatlarda amaliyot oʻtashlarini tashkil etish, tibbiyot oliygohlari hamda texnikum talabalari uchun muntazam ravishda chet davlatlarda “Yozgi amaliyot maktablari”ni joriy qilish, soha vakillari uchun bepul til oʻrganish kurslari faoliyatini yoʻlga qoʻyish va boshqa bir qator yangiliklar koʻzda tutilgan.

  Muloqotda online tarzda ishtirok etgan barcha viloyatlar sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bevosita oʻz savol, taklif hamda murojaatlarini bildirish imkoniyatiga ega boʻldilar. Jumladan, Samarqand viloyatidagi soha vakillari Samarqand viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda texnikumlari vakillari ham mazkur ochiq muloqotda ishtirok etib, oʻz fikr va takliflarini bildirdilar.

  Tashkil etilgan “Vazir va yoshlar uchrashuvi” yoshlar uchun oʻziga xos kuch va gʻayrat ulashgan muloqot boʻldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.


SamDTU matbuot xizmati