Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

Samarqand davlat tibbiyot universiteti va AQSHning Webster universiteti oʻrtasida hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti jahonning yetakchi oliygohlari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatib kelmoqda. Jumladan AQSHning Webster universiteti bilan birgalikda bir qator hamkorlikdagi ishlar amalga oshirilgan boʻlib, joriy yilning 20-dekabr kuni Webster universiteti delegatsiyasi Samarqand davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurdi.

  Tashrif davomida mehmonlar universitetning yangi oʻquv binosi va unda yaratilgan shart-sharoitlar hamda universitet qoshida tashkil etilgan simulyatsion markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, universitet tarixi muzeyiga ham tashrif uyushtirilib, oliygoh haqida qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻldilar. Tashrif doirasida SamDTU rektori Jasur Rizayev bilan uchrashuv tashkil etilib, hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

  Jumladan, Toshkent shahridagi Webster universitetining taʼlim dasturlarini amalga oshirish markazi hamda SamDTU hamkorligida universitetda biologiya va kimyo taʼlim yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish, laboratoriyalar faoliyatini yanada rivojlantirish va boshqa masalalarda kelishuvga erishildi.

  Uchrashuv soʻnggida Jasur Rizayev mehmonlarga universitet ramzi tushirilgan esdalik sovgʻalarini topshirdi.



SamDTU matbuot xizmati