Samarqand davlat tibbiyot universiteti jahonning bir qator oliygohlari bilan samarali hamkorlik aloqalarini oʻrnatib kelmoqda. Jumladan, Polshaning Pomorsk universiteti bilan mustahkam hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan boʻlib, birgalikda bir qator loyihalar amalga oshirilib kelinmoqda.
Joriy yilning dekabr oyi boshida Pomorsk universiteti delegatsiyasi Samarqand davlat tibbiyot universitetiga tashrifi amalga oshirildi. Pomorsk universiteti o’quv ishlari bo’yicha prorektori Danuta Gerchinska, sog’liqqa oid fanlar instituti rahbari Monika Vaskov, fizioterapiya kafedrasi mudiri Agneshka Groxulska hamda xorijiy aloqlar bo’limi mutaxassisi Anna Kolesniklardan iborat mehmonlar universitetda yaratilgan shart-sharoitlar, oʻquv jarayonlari va universitet qoshida tashkil etilgan simuliatsion markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, SamDTU tarixini aks ettiruvchi muzeyga sayohat uyushtirilib, universitet tarixi haqida qiziqarli maʼlumotlarni olish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Tashrif doirasida ikki oliygoh oʻrtasida bir qator kelishuvlarga erishilib, ikki tomonlama memorandum imzolandi. Xususan, kelgusida birgalikdagi qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, kosmetologiyaning yangi yoʻnalishlari boʻyicha klinik ordinatura va magistratura mutaxassislarini tayyorlashda hamkorlik qilish borasida kelishuvlarga erishildi.
SamDTU matbuot xizmati