Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oʻzgarishlar natijasida xalqning sogʻlom va munosib hayotini taʼminlash, jismoniy va maʼnaviy jihatdan sogʻlom, yosh avlodni tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Bugungi kunda sogʻliqni saqlash va bolalarni muhofaza qilish, aholi salomatligini mustahkamlash, har tomonlama rivojlangan avlodni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor vazifalari sifatida belgilanmoqda. Joriy yil yakuniga qadar “Aholi salomatligi — 2030” Milliy Strategiyasini ishlab chiqish koʻzda tutilgan boʻlib, bu doirada koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Yuqoridagi vazifalarni amalga oshirishda Samarqand davlat tibbiyot universiteti oʻz oldiga bir qator tizimli vazifa va maqsadlarni yoʻlga qoʻygan.
24-25-noyabr kunlari Samarqand davlat tibbiyot universiteti tomonidan bolalar salomatligi hamda farmatsevtika masalalariga qaratilgan “Pediatriya va farmatsiya: bolalar va oʻsmirlar salomatligi yoʻlida xalqaro uchrashuv” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. “Samarkand Regency” mehmonxonasini katta majlislar zalida oʻz ishini boshlagan konferensiyada respublikamiz fundamental va klinik tibbiyot sohasidagi yetakchi olim va ilmiy izlanuvchilari, pediatr hamda farmatsevt mutaxassislari bilan bir qatorda oʻttizga yaqin Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, BAA va boshqa xorijiy mamlakatlar mutaxassislari ishtirok etdilar.
Anjuman ochilishida soʻzga chiqqan SamDTU rektori Jasur Rizayev tashkil etilayotgan anjumanning bugungi pediatriya, salomatlik profilaktikasi hamda farmatsevtika sohasi uchun muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab, anjuman ishiga omad tiladi. Yalpi majlisida soʻzga chiqqanlar mavzu yuzasidan bugungi kunning dolzarb masallariga eʼtibor qaratib, oʻz fikr va mulohazalarini bildirdilar. Jumladan, farmatsevtika tadqiqotlarining zamonaviy usullari boʻyicha ayollar oʻrtasida kasalliklarning oldini olish dasturlari, onalar va bolalarni erta tashxislar va sogʻlomlashtirish, sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini shakllantirish, kasalliklarning samarali oldini olish, yuqori texnologiyali va innovatsion usullarni joriy etish va boshqa bir qator masalalar yuzasidan maʼruzalar tinglandi.
Konferensiyaning ikkinchi ish kunida “Biologiya va tibbiyotda bioortogonal kimyo”, “Uglerod nanostrukturalari: Das Glasperlenspiel (G. Gesse)?”, “Bolalarda gemorragik vaskulitning klinik kechish xususiyatlari”, “Bolalarda kasalxonadan tashqari pnevmoniyaning kardit bilan asoratlanganida klinik kechishi” va boshqa bir qancha yoʻnalishlardagi chiqishlar koʻzda tutilgan.
SamDTU matbuot xizmati