Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

Nurli diagnostika va davolashni yangi texnologiyalariga bagʻishlangan Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi

  2022 yil 5-6 may kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Nurli diagnostika va davolashni yangi texnologiyalari” Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil qilindi. Xalqaro anjumanda AQSh, Germaniya, Yaponiya, Avstriya, Bangladesh, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistonni radiologlar jamiyatlari vakillari, respublikamizdagi, yaqin va uzoq xorijiy davlatlar nufuzli oliy oʻquv yurtlari va ilmiy markazlarining olimlari va izlanuvchilari ishtirok etdilar.

  Xalqaro anjumanni oʻtkazishda yangi texnologiyalarni klinik tibbiyotga joriy qilish, yangi texnologiyalarni amaliy sogʻliqni saqlash taraqqiyotidagi hissasini, vizualizasiyalashni bemorlarni davolashdagi oʻrnini muhokama qilish kabi asosiy maqsadlar koʻzda tutildi.

  Konferensiyani viloyat Yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan tantanali ochilishida Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Xurshid Ochilov, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Amrillo Inoyatov, Sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov, Marat Xodjibekov — professor, Oʻzbekiston radiologlar jamiyati raisi (Toshkent, Oʻzbekiston), Rainer RienmuellerMedical University of Graz professori (Vena, Avstriya), Valeriy Krilov — A.F.Siba nomidagi tibbiyot markazini ochiq radionuklidlar bilan davolash radio jarrohlik boʻlimi rahbari (Obninsk, Rossiya), Raushan Raximjanova — professor, Qozogʻiston radiologiya jamiyati prezidenti (Nur-Sulton, Qozogʻiston), Akram Fozilov — tibbiyot xodimlari kasbiy malakasini oshirish markazi professori (Toshkent, Oʻzbekiston), Gulnora Yusupaliyeva — t.f.d., ToshDPI tibbiy radiologiya kafedrasi mudiri (Toshkent, Oʻzbekiston) va boshqalar soʻzga chiqib, nurli diagnostika va tibbiy radiologiyani zamonaviy rivojini ustuvorlari, soha uchun malakali kadrlarni tayyorlash hamda xalqaro aloqalarni rivojlantirish ahamiyati haqida oʻz fikrlarini bildirdilar.

  Yalpi majlisdan soʻng xalqaro anjumanni ishi beshta shoʻbada davom ettirilib, klinik tibbiyotda nurli diagnostikani yangi texnologiyalari, onkologiyada diagnostik radiologiya va nur terapiyasi, jarohatlar va shoshilinch holatlarda nurli diagnostika, tegishli mutaxassisliklarda nurli diagnostika hamda yosh tadqiqotchilarni ilmiy-tadqiqot faoliyatini natijalariga bagʻishlangan 100 ziyod maʼruzalar qilindi va tegishli yoʻnalishlardagi ilmiy yangiliklar soha mutaxassislari tomonidan muhokama qilindi.

  Anjuman doirasida radiologiyaning MRT, kompyuterli tomografiya, UTT, rentgenologiya va radioterapiya yoʻnalishlari boʻyicha xalqaro tanlovlar ham oʻtkaziladi. Tanlovlarda universitet bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari, klinik ordinatorlari, viloyatlardan kelgan amaliyot shifokorlari bilan bir qatorda Rossiya Federasiyasi va Qozogʻiston vakillari ham ishtirok etishi kutilmoqda.

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti tomonidan oʻtkazilgan “Nurli diagnostika va davolashni yangi texnologiyalari” xalqaro konferensiyasi respublika va mintaqamizda nurli diagnostika va radiologiyani taraqqiy toptirish, ilmiy yangiliklarni klinik tibbiyotga joriy qilish, malakali tibbiyot kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish hamda respublikamiz tibbiyot oliygohlari va ilmiy tekshirish markazlari xalqaro aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.



SamDTU Matbuot xizmati