Samarqand davlat tibbiyot universiteti bilan Doctor M reproduktiv salomatlik markazi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilib, Samarqandda ilk bor EKO IKSI markazi tashkil etildi. 19-noyabr kuni mazkur markazning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochilishda Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizaev va Doctor M klinikasi rahbari, t.f.n. M.U.Supankulov markaz mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi ekanini ta’kidlab, kelajakda aholiga sifatli va yuqori texnologiyali tibbiy xizmat ko‘rsatishda, bepushtlikning oldini olish va davolashda yangi qadam bo'lib xizmat qilishini ta'kidladilar.
Ochilish marosimidan so‘ng mehmonlar markazda yaratilgan sharoitlar, uning texnik jihozlanishi bilan tanishib chiqdilar. Shuningdek, markazda SamDTU magistratura va klinik ordinaturada reproduktiv tibbiyot bo‘yicha yo'nalishlar ochish hamda diplomdan keyingi ta’lim fakulteti akusherlik va ginekologiya kafedrasi kursantlari uchun amaliyot bazasini yaratish masalalari muhokama qilindi.
SamDTU Matbuot xizmati