14-15 aprel kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetining majlislar zalida Elsevier kompaniyasi bilan hamkorlikda “ Oliygohlarning ilmiy nashr etish faolligi va nashriyot faoliyati: axborot texnologiyalari, tahliliy xizmatlar va kompetensiyalarni rivojlantirish” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy seminar boʻlib oʻtdi. Seminarda Samarqand davlat tibbiyot universiteti kafedra mudirlari, ilmiy izlanuvchilar va doktorantlar hamda viloyatdagi boshqa oliy oʻquv yurtlarining fan boʻyicha masʼullari ishtirok etishdi.
Elsevier kompaniyasi 5000 dan ortiq nashriyotlarni, 7 milliondan ortiq tadqiqotchilar tomonidan muntazam foydalaniladigan, 23 000 ta ilmiy jurnallarni birlashtirgan dunyodagi eng yirik ilmiy maʼlumotlar bazalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya QS, THE, Global Innovation Index kabi jahon reytinglarini olish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Seminarni Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev kirish soʻzi bilan ochdi va universitetning Elsevier kampaniyasi bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorligi, ilmiy nashrlarning yuqori oʻrinli jurnallarda chop etilishi muhim ahamiyatga ega, zamonaviy olimga qoʻyiladigan talablar va universitet reytingining xalqaro taʼlim maydonidagi muhim tarkibiy qismi ekanligini taʼkidladi.
Kompaniya vakili, Elsevier kompaniyasining tahliliy yechimlar boʻyicha maslahatchisi Kirill Ivanov nashr uchun jurnal tanlash qoidalari va ilmiy manbalar bilan ishlashning boshqa koʻnikmalari, shuningdek, nashriyot etikasi boʻyicha master-klass oʻtkazdi. Maʼruzachi respublika oliy taʼlim muassasalari oldida turgan vazifa va vazifalar, axborot resurslari va tadqiqotchilarning kompetensiyalari, Scopus maʼlumotlar bazasida jurnallarni indekslash, universitetning samarali strategiyasini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tahliliy masalalarga alohida toʻxtaldi. Seminarda ilmiy tadqiqotlar olib borish va ularni natijalarini rasmiylashtirishga doir keng masalalar, shu jumladan ilmiy maqola tushunchasi, ilmiy natijalarni umumlashtirish usuli va uslubiyati, ilmiy maʼlumotlar bazalari, ilmiy nashrlarga qoʻyiladigan zamonaviy talablar, iqtiboslik, impakt-faktor kabi masalalar ham muhokama etildi.
Seminar-trening jonli muloqot shaklida oʻtkazildi, ishtirokchilar berilgan barcha savollariga batafsil javoblarni oldilar.
SamDTU matbuot xizmati.