9-aprel kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida ish beruvchi korxona tashkilotlar, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmalari va bir qator hududiy markaziy kasalxonalar hamda xususiy klinikalar bilan bakalavriat hamda magistratura bosqichi bitiruvchilari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatishga koʻmaklashish maqsadida “Boʻsh ish oʻrinlari” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Joriy oʻquv yilida Samarqand davlat tibbiyot universitetini 750 nafar bakalavr, 110 nafar magistr hamda 303 nafar klinik ordinatura bitiruvchilari tugatish arafasidalar.
Mehnat yarmarkada Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo va Navoiy viloyatlari davolash-profilaktika muassasalari hamda tuman va shahar tibbiyot birlashmalari rahbarlari ham faol ishtirok etdilar. Boʻlajak bitiruvchilar bilan muloqot davomida hozirgi kunda Jizzaxda 151 nafar, Qashqadaryoda 169 nafar, Surxondaryoda 177 nafar, Navoiyda 147 nafar shifokor kadrlarga ehtiyoj mavjudligi qayd etilib, bitiruvchilar uchun joylarda yaratiladigan sharoitlar va qulayliklar alohida taʼkidlandi.
Ishtirokchilarga Samarqand davlat tibbiyot universitetini tamomlayotgan kadrlarga ehtiyoji mavjud korxona va tashkilotlar rahbarlari talabnoma va soʻrov xati bilan 2022-yilning 15-may sanasiga qadar universitet rektoratiga murojaat qilishlari mumkinligi eslatib oʻtildi.
Mehnat yarmarkasida bir qator bitiruvchilar boʻlajak ish joylarini topishga hamda ikki tomonlama shartnomani tuzish boʻyicha kelishuvga muvaffaq boʻldilar.
SamDTU matbuot xizmati