Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

Travmatologiya kafedrasi binosini ochilishi boʻlib oʻtdi

  2022-yil 26-fevral kuni Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori professor J.A.Rizayev boshchiligida travmatologiya va ortopediya kafedrasi toʻliq yangidan taʼmirdan chiqarilgan oʻquv binosini tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. Jasur Rizayev oʻz soʻzida kafedrada talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va kafedra xodimlari ilmiy faoliyati haqida gapirib, hozirgi kunda travmatologik kasalliklar, boʻgʻimlar va tayanch sistemasidagi jarohatlar bilan murojaat qiluvchi bemorlar sonining koʻpayganligi bizga aynan shunday yuqori zamonaviy texnik jihozlar va sharoitlarni talab etishishini va yangi ochilgan binoda bunday imkoniyatlar mavjudligini taʼkidlab oʻtdi. Kafedra professori, t.f.d. P.U.Urinboyev kafedra tarixi va hozirgi faoliyati haqida batafsil maʼlumot berdi.

  Travmatologiya va ortopediya kafedrasi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida joylashgan boʻlib, barcha oʻquv xonalari zamonaviy koʻrgazmali va tematik vositalar, shu jumladan har bir oʻquv xonalari televizor, kompyuter (monoblok), printerlar, stol-stullar, kitob javonlari va kiyimlar uchun shkaflar, bemorlar koʻrigi uchun kushetkalar bilan jihozlangan. Kafedra koridori kafedra tarixini aks va oʻquv jarayonini aks ettiruvchi zamonaviy 3D stendlar, amaliy koʻnikmalar va kafedra ilmiy faoliyatini aks ettiruvchi stendlari bilan boyitilgan. Kafedrada institutni 6 ta fakultetining 1000 dan ortiq talabalari tahsil olib kelmoqda. Oʻquv jarayonida rus, oʻzbek, ingliz tillarida yaratilgan mt.sammi.uz platformasidan foydalaniladi, buning uchun kafedrada uzluksiz internet tarmogʻiga ulangan. Shuningdek, maʼruza zali va har bir oʻquv xonasi televizor bilan jihozlanib, boʻlimlarda bajarilayotgan operatsiya jarayonlarining toʻgʻridan-toʻgʻri namoyishi tashkillashtirilgan. Amaliy koʻnikmalar uchun kerakli vositalar mavjud boʻlib, talabalar bevosita amaliyotida ularni qoʻllay olish darajasiga yetkazilmoqda.

  SamDTIda oʻtkazilgan “Samarqand 2020” Xalqaro talabalar fan olimpiadasida “Travmatologiya va ortopediya” kafedrasi talabalar ilmiy jamiyati aʼzolari faxrli oʻrinlarni, shu jumladan 3 ta 1-oʻrin, 4 ta 2-oʻrin, 6 ta 3-oʻrin hamda nominatsiyalar boʻyicha 8 ta oʻrinlarni egalladilar. 2022-yilda BuxDTIda tashkillashtirilgan Xalqaro talabalar fan olimpiadasida bir guruh “Travmatologiya va ortopediya” kafedrasi talabalar ilmiy jamiyati aʼzolari faol ishtirok etib, 2- va 3-oʻrinlarni, hamda ikki yo'nalishdagi nominatsiyalar egalladilar.

  Shu kuni kafedra xodimlari tomonidan institutni 1-son talabalar turar joyida talabalarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish maqsadida “Tosh koʻtarish”, “Armrestling” va “Shaxmat” turlari boʻyicha sport musobaqalari oʻtkazilib sovrindorlar taqdirlandi. 2021-yil SamDTI da oflayn va onlayn tarzda tashkillashtirilgan “Samarqand 2020” Xalqaro talabalar fan olimpiadasida va BuxTI tomonidan 2022-yilda tashkillashtirilgan Xalqaro talabalar fan olimpiadasida “Travmatologiya va ortopediya” yoʻnalishi boʻyicha faxrli oʻrinlarni egallagan talabalarni institut rektori J.A.Rizayev tantanali ravishda tabrikladi. Shuningdek, kafedra xodimlari tomonidan xayriya oshi tashkil etilib barcha talabalarga ulashildi.


SamDTI Matbuot xizmati