Samarqand Davlat Tibbiyot Instituti bilan hamkorlikda Turkiyaning “Medical Park”, “Vm Medical Park”, “Liv” bilan birgalikda “Tibbiyot fani va texnologiyasining zamonaviy yutuqlari” mavzusidagi amaliy seminar oʻtkazildi.
Anjumanda Samarqand viloyatida oʻz faoliyatini yuritib kelayotgan Akusherlik va Ginekologiya, Onkologiya, Xirurgiya, Urologiya mutaxassisligi boʻyicha shifokorlar qatnashishdi.
Xalqaro konferensiyaning ochilishida Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor Jasur Rizayev soʻzga chiqib, Zamonaviy tibbiyotning yutuqlari haqida gapirdi.
Anjuman doirasida “Bepushtlikni davolashning zamonaviy usullari, EKU bilan davolash muvaffaqiyatlari”, “ Suyak ko'migi transplantatsiyasi” , “ Yangi texnologiyalar orqali onkourologiya va onkonefrologiyada davolashlarning afzalliklari” , “ Yuqori texnologiyali sogʻliqni saqlash, organ transplantatsiyasi boʻyicha maxsus tadqiqotlar ” , “ Umumiy onkologiya, kanserogenez, epidemiologiya masalalari, xatarli oʻsmalarni tashxislar va davolash tamoyillari”, “Buyrak transplantatsiyasi” va “Ginekologiyada estetik jarrohlik” mavzulariga Turkiyalik mutaxassislar tomonidan maʼruzalar oʻqildi.
Kunning ikkinchi yarimida Samarqand davlat tibbiyot institutining 1 – son Xirurgik kasalliklar kafedrasida institut professori Zafar Kurbaniyazov hamda “Medical Park” professori Bulent Unal hamkorlikda jarrohlik amaliyoti oʻtkazishdi.
Kelgusida SamDTI hamda Medical Park tibbiyot markazi oʻrtasidagi memorandumga asosan buyrak va jigar transplantatsiyasi boʻyicha ham jarrohlik ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.
Maʼlumot uchun, Respublikamizda 5 ming nafar bemor jigar sirrozidan azob cheksa, ularning 500 nafari, yaʼni 10 foizi jigar transplantatsiyasi amaliyotiga muhtoj. Bugungi kunga qadar mamlakatimizda jami 10 ta jigar transplantatsiyasi amalga oshirilgan. SamDTI hamda Medical Park oʻrtasidagi aloqalarning rivojlanishi ushbu jarayonning yanada yaxshilanishiga zamin yaratadi deb, umid qilamiz.
SamDTI Matbuot xizmati