Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

SamDTIda “Tibbiy faoliyatning dolzarb jihatlari” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi

  2021-yil 21-iyun kuni Samarqand davlat tibbiyot institutida “Tibbiy faoliyatning dolzarb jihatlari” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Mazkur anjumandan koʻzlangan maqsad bu zamonaviy tibbiyot, shu jumladan pediatriya, dermatovenerologiya, ichki kasalliklar, endokrinologiya, tibbiy reabilitologiya, sport tibbiyoti va xalq tabobati muammolarini muhokama qilish boʻldi. Konferensiyada pediatrlar, dermatovenerologlar, terapevtlar, endokrinologlar, reabilitologlar va boshqa tibbiyot va sogʻliqni saqlash sohasi vakillari ishtirok etdilar.

  Ochilish marosimida Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori Jasur Rizayev, Rossiya Federatsiyasi Kirov davlat meditsina universiteti rektori LevJeleznev, Respublika maxsus ilmiy-amaliy pediatriya tibbiyot markazi direktori Dilorom Axmedova, OʻzR FA akademigi Anis Alyavi oʻzlarining qutlov soʻzlarini yoʻlladilar.

  Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada Kirov davlat meditsina universiteti professorlari I.V.Poxodenko, S.B.Petrov, Sankt-Peterburg pediatriya-meditsina universiteti dotsenti Lebedev D.A., Samarqand davlat tibbiyot instituti 1-pediatriya kafedrasi mudiri, professor Shavazi N.M., Respublika maxsus ilmiy-amaliy dermatologiya va kosmetologiya tibbiyot markazi professori Raxmatov A.B., Samarqand davlat tibbiyot instituti 2-pediatriya neontologiya kursi bilan kafedrasi mudiri tibbiyot fanlari doktori, dotsent Axmedjanova N.I., Samarqand davlat tibbiyot instituti davolash fakultetining pediatriya kafedrasi mudiri, dotsent Garifullina L.M., Samarqand davlat tibbiyot instituti 1-son ichki kasalliklar kafedrasi mudiri, professor Shodiqulova G.Z., Toshkent tibbiyot akademiyasi ichki kasalliklar kafedrasining mudiri, professor Miraxmedova X.T., Samarqand davlat tibbiyot instituti tibbiy reabilitatsiya va sport tibbiyoti kafedrasi mudiri, dotsent Mavlyanova Z.F., amaliy tibbiyot sohasidan shifokor pediatrlar, terapevtlar, dermatovenerologlar, endokrinolog, reabilitologlar dolzarb mavzularga maʼruzalar qildilar va muhokama qilingan mavzular boʻyicha eng zamonaviy maʼlumotlarni keltirdilar. Qilingan maʼruzalarni aksariyati amaliy yoʻnaltirilgan boʻlib, xususan COVID-19ni turli kasalliklardagi xususiyatlari va ulardan reabilitatsiya qilish amaliyoti boʻyicha maʼruzachilar tomonidan koʻplab maʼlumotlar keltirildi.

  Xalqaro konferensiya, shubhasiz, mintaqa va butun respublikamizda pediatriya, dermatovenerologiya, ichki kasalliklar, endokrinologiya, tibbiy reabilitologiya, sport meditsinasi va xalq tabobati kabi yoʻnalishlarni rivojlantirishga, mazkur sohalarga innovatsion yangiliklarni kiritishga hamda mamlakatimiz ilm-fan vakillari xalqaro aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.


SamDTI Matbuot xizmati