Samarqand davlat tibbiyot institutida 2020-yil sentyabr oyida xalqaro taʼlim fakulteti tashkil etildi va xorijiy davlatlar talabalari uchun Medicine “MBBS” oʻquv dasturi joriy qilindi. 2020-2021 oʻquv yilida Samarqand davlat tibbiyot institutiga 475 nafar xorijiy talabalar qabul qilingan boʻlib, shulardan 374 nafari Pokiston Islom Respublikasidan kelib oʻqiyotgan talabalar hisoblanadi. Pokiston Islom Respublikasidan talabalarni institutga jalb qilish boʻyicha “AXIS InternationalBusinessSolutions LLC” va “Alsion-Grand LLC” xorijiy tashkilotlari bilan oʻzaro shartnoma-bitimlar imzolangan.
2021-yil 26-may kuni Samarqand davlat tibbiyot institutiga Pokiston Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi janob Sayid Ali Asad Gilani tashrif buyurdi va institut rektori professor Jasur Alimjanovich Rizayev bilan uchrashdi. Doʻstona va ishchan ruhda kechgan uchrashuvda rektor Jasur Rizayev hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalari, xususan taʼlim sohasidagi hamkorlikka alohida toʻxtalib, bu borada Pokiston Islom Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi tomonidan koʻrsatilayotgan yordam, talabalarning viza olishidagi yengilliklar va bevosita institutning salohiyatini xolis eʼtirof etganliklari haqida, bu esa Pokiston tibbiyot hayʼatida “PakistanMedicalCommission – PMC” da Samarqand davlat tibbiyot institutining oʻziga xos yetakchi reytingda boʻlishini taʼminlashini bildirdi. Inctitut rahbari xorijlik talabalarga yaratilgan imkoniyatlar toʻgʻrisida toʻxtalar ekan, oʻqish tizimidagi ilgʻor tajribalar, mahalliy va xorijlik yetakchi professor-oʻqituvchilarning faoliyati, talabalar turar joylaridagi shart-sharoitlar, Pokistonlik talabalar uchun maxsus oshxonalar tashkil etilganligi va unda aynan ularning vatanlaridan kelgan oshpazlar milliy ovqatlarini tayyorlashlari, talabalarning madaniy va sport tadbirlaridagi faol ishtiroki, xorijlik talabalar va institut rahbariyati oʻrtasida iliq va yaqin munosabatlar oʻrnatilganligini taʼkidlab, kelajakda Pokiston Islom Respublikasidan kelib oʻqiyotgan talabalarning oʻz sohasining yetakchi shifokorlari boʻlishlariga umid bildirdi. Pokiston Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Sayid Ali Asad Gilani institut rektoriga qabul uchun minnatdorchilik bildirdi va bugun Pokiston-Oʻzbekiston munosabatlarini yangi sahifasi ochilganligini taʼkidlab, bu hamkorlik munosabatlarida taʼlim sohasi alohida oʻrin tutishini, Pokistonda tibbiyot xodimi boʻlishni istovchilar koʻpchilikni tashkil etishini va mamlakatdagi OTMlar ehtiyojni toʻliq qondira olmasligini, shu tufayli koʻp yoshlar turli xorijiy davlatlarda tibbiyot sohasida taʼlim olishlarini aytib oʻtdi. Keltirilgan omillar tufayli kelajakda pokistonlik talabalardan tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashda Samarqand davlat tibbiyot instituti ilgʻor oʻrinlarda qolishini aytib oʻtar ekan, bu borada yana-da koʻproq muvaffaqiyatlar boʻlishiga ishonishini taʼkidladi. Uchrashuv soʻngida mehmonlarga Pokistonlik talabalarini institutdagi hayotiga bagʻishlangan videorolik nomaoyish qilindi, tomonlar bir-birlariga esdalik sovgʻalari topshirdilar hamda ommaviy axborot vositalariga intervyular berdilar.
Shundan soʻng, institut katta majlislar zalida Pokiston Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Sayid Ali Asad Gilani, Samarqand davlat tibbiyot instituti maʼmuriyati, “AXIS InternationalBusinessSolutions LLC” firmasi vakillari JavedLagari va VakarLagari, “Alsion-Grand LLC” vakillari ZabehUllahBalagan va Jibran hamda xalqaro taʼlim fakultetining Medicine “MBBS” va BDS taʼlim yoʻnalishlarida oʻqiyotgan Pokistonlik talabalar bilan uchrashuv oʻtkazildi. Uchrashuvda elchi Sayid Ali Asad Gilani va SamDTI rektori professor J.A. Rizayevlar soʻzga chiqib, talabalarning qiziqishlari, savollari va muammolari bilan qiziqishdi, savollarga javob berishdi va ularning kelgusi oʻqishlarida muvaffaqiyatlar tilashdi va kerakli maslahatlar berishdi.
SamDTI matbuot xizmati