Samarqand davlat tibbiyot institutiga Saratov davlat tibbiyot universitetidan delegatsiya tashrif buyurdi. Uchrashuv davomida ikki tibbiyot oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida memorandum imzolandi.
Bugungi kunda tibbiyot sohasining yetuk va malakali vakillariga ehtiyoj kattaligi sir emas. Shu maqsadda, Samarqand davlat tibbiyot instituti Saratov davlat tibbiyot universiteti bilan anchadan buyon hamkorlikda 100 dan ortiq vebinarlar, konferensiyalar hamda ko‘plab mahorat darslari tashkil qilib kelayotgan edi.
Ushbu hamkorlik natijasi o‘laroq 2 mart kuni SamDTI rektori Jasur Rizaev hamda Saratov davlat tibbiyot universiteti rektori Andrey Yeremin o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida memorandum imzolashdi.
Memorandumda doirasida SamDTI o‘quv jarayonlariga Saratov davlat tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilarini jalb etishga kelishib olindi. Hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash borasida bir qator chora-tadbirlar belgilandi.
Xususan, talabalar, magistr hamda klinik ordinatorlar uchun o‘zaro integral darslar, ma’ruza va mahorat darslari tashkil qilinadi. Bemorlar telemeditsina doirasida masofaviy ko‘rikdan o‘tkaziladi va konsiliumlar tashkil etiladi.
Mazkur nufuzli universitet bilan hamkorlikda farmatsiya yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturi (3+2) tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Memorandumdan so‘ng mehmonlar SamDTI 2-klinikasida bo‘ldilar. 2-klinika bosh shifokori J.Shamsiev hamrohligida klinik bo‘limlar, operatsiya bo‘linmalari, klinik laboratoriya va maslahat bloki ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va klinika xodimlari muloqotga kirishdi.
Saratov davlat tibbiyot universiteti rektori Andrey Yeremin sohani rivojlantirish maqsadida davlatimizda olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
Ushbu kelishuvlar, ilmiy-amaliy hamkorlik ikki tomonlama ham manfaatli bo‘lishi, soha rivojiga sezilarli hissa qo‘shishi e’tirof etildi.
SamDTI matbuot xizmati