Joriy yilning 11-fevral kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetiga Koreyaning "Egnome" kompaniyasi vakillari tashrif buyurdi. Mehmonlarni SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev kutib oldi.
Uchrashuvda Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy-amaliy markazi va "Egnome" kompaniyasi oʻrtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga asosan markazda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ilmiy va amaliy ishlar muhokama qilindi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy-amaliy markazida genetik, molekulyar-biologik tadqiqotlar jumladan: mikrobioma tahlili, NIPT, onkogenetik tahlillarni oʻtkazish borasida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Tashkil etilgan uchrashuvda hamkorlikda oʻzak hujayralari laboratoriyasini yaratishga kelishib olindi. Laboratoriyani barpo etish uchun "Egnome" kompaniyasi tomonidan investitsiya ajratiladi.
SamDTU Matbuot Xizmati